SUIQASD
SUIQASD — keng ma‘noda — jinoyat sodir qilish bosqichlaridan biri; aybdorga bog’liq bo’lmagan sabablar bilan oxiriga yetkazilmagan, qasddan qilingan harakat. Aybdor o’z maqsadini qanchalik amalga oshirganligiga qarab Suiqasd tugallangan va tugallanmagan Suiqasdga bo’linadi. Jinoyat sodir etishga Suiqasd qilganlik uchun jinoiy javobgarlik O’zbekiston Respublikasi JK ning 25-moddasiga havola etilib, ushbu Kodeksning tamom bo’lgan jinoyat uchun javobgarlikni belgilovchi moddasiga muvofiq hal qilinadi. Tor ma‘noda — biron kimsani yo’q qilish, o’ldirish uchun qilingan harakat tushuniladi (masalan, podshohga Suiqasd qilish). Shuningdek, o’z joniga Suiqasd qilish ma‘nosida ham keladi. Suiqasd islomda qattiq qoralanadi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisga ko’ra, ikki musulmon bir- biriga qilich solsa, o’lgan ham, o’ldirgan ham qattiq gunohkor bo’lishi, o’ldirilgan odam Suiqasd qilgani tufayli gunohda qotil bilan barobar bo’lishi ta‘kidlangan.