SEPARATIZM

SEPARATIZM (fr. separatisme — ajratilgan) — ajralishga, alohidalikka intilish; davlatning bir milliy, diniy, etnografik, siyosiy, iqtisodiy sabablarga ko’ra, ajratib olib yangi davlat tuzilmasi tuzish yoki mamlakatning bir qismini muxtoriyatga aylantirish harakati. Ko’proq kichik millatlarning mustaqil davlat tuzishga intilishida namoyon bo’ladi. Separatizmning kuchayishi yoki pasayishi tashki va ichki omillarga bog’liq bo’ladi. Mamlakat hududida har bir millat, elat, xalqning manfaatidan kelib chiqib siyosat yuritilsa, ularning har tomonlama rivojlanishi, o’zini shu mamlakatning teng huquqli fuqarosi sifatida his qilishi uchun huquqiy, siyosiy, iqtisodiy shart-sharoitlar yaratilgan bo’lsa, Separatizmga o’rin qolmaydi va aksincha. Ko’pincha ichki sabablarni kuchaytiruvchi, gij-gijlovchi, o’z maqsadlari yo’lida foydalanuvchi kuchlar Separatizmning paydo bo’lishi va kuchayishiga olib keladi. Tarixda Separatizm harakatlari ko’p bo’lgan, ular aksariyat hollarda mojarolarga, nizolarga olib kelgan va fuqarolar urushi orqali kechgan. Masalan, Rossiyaning Chechenistonidagi, Turkiyaning kurdlar, Ispaniyaning basklar yashaydigan hududlari, Kanada Kvebekidagi harakatlari Separatizmning ko’rinishlaridan hisoblanadi. Separatizm milliy ozodlik harakatidan farqlanadi.