XALQARO KOOPERATIV ALYANSI

XALQARO KOOPERATIV ALYANSI, XKA — milliy va mintaqaviy kooperativlar uyushmalari va kooperativ federatsiyalari (matlubot, kredit, qishloq xo’jalik va boshqalar)ni birlashtiruvchi xalqaro tashkilot. BMTda maslahat maqomiga ega. 1895-yilda Londonda tashkil etilgan. Asosiy maqsadi barcha mamlakatlarda kooperatsiyalar rivojlanishiga yordam berish, kooperativ harakat tamoyillarini targ’ib etish, turli mamlakatlardagi kooperativ tashkilotlar o’rtasida hamkorlik o’rnatish, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga yordam berish va boshqalar. XKA BMTning bir qator organlari va ixtisoslashgan tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. XKA qoshida xalqaro yordamchi qo’mitalar qishloq xo’jaligi kooperatsiyalari, sug’urta, kredit, uy-joy, matlubot savdosi, ishlab chiqarish va hunarmandchilik kooperativlari muammolarini o’rganish bilan shug’ullanadi. XKAning rahbar organlari – Kongress (3 – 4 yilda bir marta chaqiriladi), Markaziy qo’mita (har yili chaqiriladi), Ijroiya qo’mita (XKA Prezidenti va 2 vitse prezidenti va 13 a‘zodan iborat). Kundalik ishlarga direktor va sekretariat rahbarlik qiladi. Shtab kvartirasi Jenevada. 1992-yil oktiyabrda O’zbekiston XKA a‘zoligiga qabul qilingan.