Go’shanga

Go’shanga-nikoh to’yi kuni qizning uyidagi kuyov kiradigan xonaga va kuyovning uyidagi kelin tushadigan xonaning bir burchagiga tutiladigan maxsus oq parda yoki choyshab. Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim tumanlarida, Farg’ona vodiysida “chimildiq” deb ataladi. Xorazmda “kushayina” deyiladi. Samarqand, Buxoro viloyatlarida go’shanga dastavval kuyov kelar kechasi qizning otasi uyida tutilib, uning orqasiga kelin-kuyovni o’tkazadilar. Nikoh marosimlari o’tgach, qiz kuyovnikiga olib kelinadi. Bu yerda ham go’shanga tutiladi. Kelin-kuyov birinchi kechani go’shanga ortida o’tkazadilar. Ko’p yerlarda to’yning ertasi kuni go’shanga olib qo’yiladi, ayrim joylarda ma’lum muddat, ya’ni “qirqi chiqquncha” go’shanga tutilgan holda turaveradi. Ilgari go’shanga oq matodan bo’lib, kelin birinchi farzand ko’rganda undan chaqaloqning beshigiga govrapo’sh, ya’ni beshik ustiga yopiladigan yopqich qilishgan.