«AMIR TEMUR» ORDENI
«AMIR TEMUR» ORDENI-O’zbekiston Respubliksining davlat mukofotlaridan biri. Bu orden bilan davlatchilikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari, me’morchilikni, ilm-fan, adabiyot va san’atni, shu jumladan, harbiy mahoratni rivojlantirishga qo’shgan ulkan hissalari uchun O’zbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar. Ushbu orden bilan davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni hamda xalqlar o’rtasida do’stlikni mustahkamlash ishiga alohida hissa qo’shganlik uchun O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. 1996 yil 26 aprelda ta’sis etilgan (shu ordenni ta’sis etish haqidagi Qonun bilan O’zbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan «Davlat mukofotlari to’g’risida»gi Qonunning 11-moddasiga tegishli tuzatishlar kiritilgan). Orden tilla qoplangan 925 darajali kumush qotishmadan tayyorlanib, sakkiz qirrali bo’rtma yulduz ko’rinishida bo’lib, Amir Temurning ulug’vor qiyofasi kumush rangda tasvirlangan. Muallifi — O’zbekiston Respubikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov. Vatanimiz tarixida tutgan beqiyos o’rni, samarqandliklarning asrlar davomida milliy fan va madaniyatimizni rivojlantirishga qo’shgan buyuk hissasining e’tirofi sifatida — Samarqand shahri, Temuriylar davri ulkan madaniy va ma’naviy merosini, noyob tarixiy yodgorliklarini asrab-avaylash, yosh avlodni buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari, ozod mamlakatimiz buyuk istiqbolini yaratishga qodir kishilar qilib tarbiyalash ishiga qo’shgan alohida xizmatlarini e’tiborga olib — Shahrisabz shahri ana shu orden bilan taqdirlandi (1996 yil 18 oktabr) O’zbekiston davlatchiligini barpo etish va jahon hamjamiyatida millatimiz obro’sini yuksaltirish, fuqarolar tinchligini va umummilliy totuvlikni mustahkamlash, madaniy qadriyatlarni asrab qolish va rivojlantirish borasida buyuk xizmatlari uchun hamda tug’ilgan kuniga 60 yil to’lishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug’aniyevich Karimov shu orden bilan mukofotlandi (1997 yil 26 dekabr).