Mirob

Mirob-O’rta osiyo hududidagi davlatlarda, xususan Buxoro amirligi va Qo’qon xonligida suv taqsimoti va sug’orish tizimi ustidan nazorat qiluvchi shaxs. O’rta Osiyo xonliklarida alohida miroblik lavozimlari bo’lgan. Masalan, bosh sug’orish tizimi hisoblangan magistral kanallardan asosiy sug’orish tarmoqlari bo’lgan katta ariqlarga suv taqsimlash mirobboshiga, katta ariqlardan alohida qishloq ariqlariga suv taqsimlash esa ariq oqsoqollariga, qishloq ariqlaridan shoh ariq va dahanalarga suv taqsimlash esa qishloq mirobiga yuklatilgan. Miroblik avloddan-avlodga o’tgan. Kuzda miroblar uchun dehqonlardan mirobona solig’i undirilgan. Hozir miroblar asosiy kanal-ariqlar suvini taqsimlashni nazorat qiladi.