AMUDARYO TUMANI

AMUDARYO TUMANI — Qoraqalpog’iston Respublikasi tarkibidagi tuman. 1957 yil 18 dekabrda tashkil etilgan. Amudaryo tumani shimolida Nukus tumani, Sharqda Xorazm viloyatining Gurlan tumani, Janub hamda g’arbda Turkmanistonning Gubadog’tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,02 ming km2. Aholisi 126,1 ming kishidan ziyod (1999). Amudaryo tumanida 1 shahar (Mang’it), 1 shaharcha (Jumurtov), 10 ovul fuqarolari yig’ini (Bobur, Do’rmon, Quyuqqo’pir, Nazarxon, Xitoy, Choyko’l, O’rta-qal’a, Qangli, Qilichboy, Qipchoq) bor. Markazi — Mang’it shahri. Tabiati. Amudaryo tumani relefi, asosan, tekislikdan iborat. Amudaryoning chap sohili bo’ylab Jumurtov tizmasi joylashgan. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 16, — 2G, iyulniki 27 — 32°. Yiliga o’rtacha 100 — 110 millimetr yog’in tushadi. Amudaryo tumanida Qipchoqarna, Mang’itarna, Qilichniyozboyarna kanallari, Qorako’lyop, Bog’yop, Seityop, Oqoltin, Alieliyop, Eshonyop, Sho’ryop, Halimbegyop, Ushinyop, Qumyop, Chatli-yop, Qizilyop, Kulotyop, Churchiyop, Qirqarqanyop, Xorazmyop, Quyi Tuvligayop, Jumuryop, Oltinyop, Toshyop, Alimboyyop, Qoraqalpoqyop, Bo’zsuv ariklari bor. Bu kanal va ariqlar barcha xo’jalik yerlarini suv bilan ta’minlaydi. Yerlarni sho’rlanish va botqoqlanishdan saqlash maqsadida kollektorlar qurilgan. Tuman hududidagi Shaharsafo, Orqako’l, Qoracho’tal, Choyko’l, Tuzloq, Tojiqalko’l, Baytuko’l, Uzunko’l, Sarichnugulko’l, Oqseytbobo va Otajon ko’llarida baliq, o’rdak va boshqa qushlar ko’p. Ko’llardagi qamish va yakandan qurilish materiali sifatida foydalaniladi. Tuman hududi, asosan, soz va qumloq tuproqli bo’lib, tol, terak, tut, gujum, qarag’an, turang’il, oqbosh, yantoq, ajriq, pechak, sho’ra, qamish, chirmovuq, semizo’t, yakan, otquloq va boshqalar o’sadi. Qobon, shakal, bo’ri, kemiruvchilardan sichqon, kalamush, qushlardan qirg’ovul, o’rdak, g’oz, qarg’a, zog’cha, chumchuq, ko’kqo’ton, kaptar, qumri, ko’kqarg’a, sariq chumchuq, to’rg’ay va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan, o’zbeklar; qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirg’iz, rus, tatar, koreys, tojik va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga o’rtacha 132 kishi to’g’ri keladi. Shaharliklar 30,6 ming kishi, qishloq aholisi 95,5 ming kishi. Xo’jaligi ko’p tarmoqli. Sanoat korxonalaridan Mang’it paxta tozalash, g’isht zavodlari, maishiy xizmat kombinati, Mang’it ip-yigiruv va tikuvchilik kombinatlari, Qoraqalpog’istonda eng yirik xo’jaliklararo qurilish boshqarmasi va 3 tuzatish-qurilish tashkilotlari va yirik qurilish tashkilotlari bor. Amudaryo tumani Taxiatosh GRES va Mang’it GES energiyasidan foydalanadi. Tumanda 323 kichik korxona va 27 hissadorlik jamiyati mavjud. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari paxtachilik, pillachilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilikdir. Qishloq xo’jaligida sug’oriladigan yerlar 39,1 ming gektar, ekinzorlar 36 ming gektar, shu jumladan 21 ming gektar yerga paxta, 1,5 ming gektar yerga sabzavot, 2,8 ming gektar yerga beda, 1,5 ming gektar yerga sholi, 2,4 ming gektar yerga makkajo’xori ekiladi. Amudaryo tumanida 18 jamoa xo’jaligi, dehqon fermer va shirkatlar uyushmasi, 296 dehqon-fermer xo’jaligi va boshqa xo’jaliklar bor (1997). Tuman jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida 46,2 ming qoramol, 4,7 ming qo’y va echki, 77 ming parranda bor (1997). 1996/97 o’quv yilida 83 umumiy ta’lim maktabida 33,6 ming o’quvchi, 1 litseyda qariyb 400 o’quvchi ta’lim oldi. 52 ommaviy va bolalar kutubxonasi, 21 klub, 36 kino-qurilma, 3 madaniyat uyi, 710 o’rinli 6 kasalxona va dispanser, 6 ambulatoriya, 55 feldsherlik punkti bo’lib, ularda 327 vrach, 1077 o’rta ma’lumotli tibbiy xodim ishlaydi. «Amudaryo haqiqati» tuman gazetasi 1934 yildan chiqadi (adadi 3000).