Antanta

Antanta (fransuzcha entente, “samimiy kelishuv” (fransuzcha Entente cordiale)-1) Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiyaning Germaniya, Avstriya-Vengriya hamda Italiya ittifoqiga qarshi tuzgan ittifoqi. “Uchlik bitimi”, “Uchlik ittifoqi” deb ham yuritiladi. Antanta 1904-1907 yillarda shakllandi. Har ikkala ittifoqning maqsadi XIX asr oxirida bo’lingan dunyoni qayta taqsimlashdan iborat edi. 1-jahon urushi davrida Antantaga Serbiya, Italiya, Yaponiya, Belgiya, Gretsiya va Ruminiya, keyinchalik urushga kirgan AQSh qo’shildi; 2) Yevropa tarixida boshqa bir qancha bloklar ham shunday nom bilan atalgan. Masalan, Buyuk Britaniya, Avstriya-Vengriya va Italiyadan iborat O’rta dengiz Antantasi (1887-XIX asr oxiri); Gretsiya, Ruminiya, Turkiya va Yugoslaviya o’rtasidagi Bolqon Antantasi (1934-30-yillar oxiri); Chexoslovakiya, Ruminiya va Yugoslaviyaning Kichik Antantasi (1920-1938).