Aparteid, Apartxeyd
Aparteid, Apartxeyd (Afrikaans tilida apartheid-alohida-alohida yashash)-irqiy kamsitishning eng ashaddiy ko’rinishi. Muayyan aholi guruhlarini irqiy mansubligiga qarab siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va fuqarolik huquqlaridan mahrum etishni, hududiy jihatdan yakkalatib qo’yishgacha borishni anglatadi. Aparteidning ayrim choralari genotsid tusini olishi mumkin. Yaqingacha Aparteid JARda hukmronlik qilib kelgan, asosan, oq tanli fuqarolardan iborat Milliy partiyaning siyosati edi. U mamlakat aholisini irqiy alomatlarga qarab uch qism: 1) oq tanlilar; 2) qora tanlilar, ya’ni tub afrikalilar; 3) indeyslar va duragaylarga bo’lib boshqarish siyosatini qo’llab keldi. “Irqiy guruhlarni ajratib joylashtirish to’g’risida”gi qonunga muvofiq, aholi 74%ni tashkil etuvchi, qora tanlilar uchun soxta “davlatlar”-bantustanlar tuzildi, afrikalilarning oq tanlilar yashovchi shaharlarda istiqomat qilishi man etildi. Aparteid qoidalarini buzganlarga nisbatan qattiq jazo choralari qo’llandi.