Arxeologiya
Arxeologiya (arxeo… va logiya), Qadimshunoslik-qadimgi moddiy madaniyat yodgorliklariga asoslanib kishilik jamiyati, o’tmishini o’rganuvchi fan. Mehnat qurollari, uy-ro’zg’or buyumlari, qurol-yarog’lar, zeb-ziynatlar, uy-joy, ustaxonalar, mudofaa va irrigatsiya inshootlarining qoldiqlari hamda o’tmishga oid turli topilmalar Arxeologiyaning bosh manbai bo’lib, ularni chuqur ilmiy o’rganish asosida o’tmishdagi kishilik jamiyatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tarixining umumiy manzarasi tiklanadi. Shu sababli Arxeologiya tarix fanining bir tarmog’i hisoblanadi. Arxeologiya so’zini miloddan avvalgi IV asrda Platon (Aflotun) qadimgi voqealar ma’nosida ishlatgan. Ilmiy maqsadlardagi dastlabki arxeologik qazishlar XVIII asr boshidan boshlangan. XIX asr yirik arxeologik kashfiyotlar davri bo’lib, Arxeologiya fan sifatida shakllanib bordi, XIX asrda Arxeologiya, asosan 4 qismga bo’lib o’rganilardi; Yunoniston va Rimning quldorlik davri yodgorliklarini o’rganuvchi mumtoz Arxeologiya, ibtidoiy Arxeologiya, o’rta asr moddiy-madaniy yodgorliklarini o’rganuvchi umumiy Arxeologiya va Sharq Arxeologiyasi. XX asr boshida ular birlashib, keng mazmunli hozirgi zamon Arxeologiyasi shakllandi.