Arxeologik kartografiyasi
Arxeologik kartografiyasi-tarixiy kartografiyaning maxsus tarmog’i; arxeologiya ma’lumotlari asosida turli xildagi tarixiy voqea va hodisalarni grafika asosida xaritaga tushirish. Arxeologik kartografiyasi tuzishda quyidagilar muhim: a) arxeologik madaniyatlarning joylashuvini ko’rsatish; b) arxeologik madaniyatlarning va etnik guruhlarning o’zaro aloqasi, bir-biriga ta’siri va bir joydan ikkinchi joyga ko’chishini o’rganib, xaritada belgilash; v) ishlab chiqarish turlari, qishloq xo’jaligi ekinlari joylashgan va tarqalgan tumanlar, qadimgi sug’orilgan yerlar hamda irrigatsiya inshootlari va boshqalarni aniqlab berish; g) qadimgi savdo yo’llarini, mamlakat yoki xalqlar o’rtasidagi ijodiy aloqalarni o’rganib, xaritaga tushirish; d) o’tmishdagi ijtimoiy hodisalarning geografik faktlar bilan aloqasini o’rganish va xaritada ko’rsatish. Arxeologik kartografiyasi XIX asr o’rtalarida paydo bo’ldi. XX asrda esa Arxeologik kartografiyasi kengayib, qadimgi xalqlar madaniyati, yashagan joylari to’g’risida bayon etuvchi tematik va tipologik xaritalar, boshqa arxeologik, paleoetnografik ma’lumotlarni o’z ichiga olgan xaritalar paydo bo’ldi.