Volost

Volost (ruscha)-Rossiya uezd tarkibiga kirgan quyi ma’muriy-hududiq bo’linma. Turkistonda bo’lis, vo’lis deb yuritilgan. Volost 1861 yilgacha Rossiya hududida davlatga va monastirlarga tegishli qishloq joylarida ma’muriy-hududiy rayon sifatida tashkil qilingan. 1861 yilgi islohotdan so’ng Rossiyaning hamma qishloq joylarida Volost quyi ma’muriy-hududiy birlik bo’lib qolgan. Rossiya Turkistonni bosib olgandan so’ng, Turkistonning butun hududi (Buxoro amirligi va Xiva xonligidan tashqari) oblast, uyezd, Volostlarga bo’lingan. Turkiston general-gubernatorligiga qarashli joylar 5 oblast, 27 uezd va 603 Volostga bo’lingan (1917). O’rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o’tkazilgandan so’ng (1925), O’zbekiston hududida 241 Volost bo’lgan va 1926 yilgi iqtisodiy-ma’muriy rayonlashtirishga qadar saqlanib qolgan.