Gerb
Gerb (polshacha herb, nemischa erbe-meros so’zidan)-biron-bir mamlakat yoki hududning siyosiy va tarixiy xarakterdagi g’oyalari majmuasini, o’ziga xos tabiiy va xo’jalik xususiyatlari, tabaqaviy tafovutlarini, shaxs, urug’ va boshqalarning shajaralarini ifodalovchi alohida ramziy belgi. Gerblar quyidagi tur va toifalarga bo’linadi: davlat Gerblari; shahar, viloyat, guberniya va boshqalarning Gerblari; korporatsiya (o’rta asrlardagi tsex, gildiya va birodarlik)larning Gerblari; urug’larning Gerblari. Gerblar rangli, shakllari, rasmlari bilan o’zaro farqlanib, maxsus qoidalarga binoan ishlanadi va maxsus terminlar bilan tavfislanadi. Gerb antik davrda paydo bo’lgan. Shumer davlatining Gerbida sher boshli burgut, Qadimgi Rim davlati Gerbida burgut tasvirlanadi. Amir Temur davlatinign ham Gerbi bo’lgan. Bu Gerbda 3 xalqa tasvir etilgan bo’lib, bu Temurning 3 iqlimda, ya’ni Shimol, Janub va G’arbda hukmron ekaniga ishoradir. O’rta asrlarda ko’pgina shaharlar o’z Gerbiga ega bo’lgan. Venetsiya Gerbida qanotli sher tasvir etilgan. G’arbiy Yevropada Gerblar urug’, merosxo’rlik belgilari sifatida salib yurishlari davri (XI-XII asrlar)da yuzaga kelgan. Keyinchalik bayroqlar, qog’oz pullar, muhrlar, qog’ozlarda Gerblarning tasviri tushirila boshlandi. Gerblar va ularning tarixi bilan geraldika fani shug’ullanadi.