Juvang’ir, Javong’or, Jung’ar
Juvang’ir, Javong’or, Jung’ar (turkcha, chap qo’l)-1) moziyda Markaziy Osiyoda davlat tasarrufidagi yerlarning chap tomoni. Ko’chmanchi xalqlarda mamlakat va uning aholisini ikki qanotga: o’ng va so’lga taqsimlash qadimdan odat tusini olgan; 2) qo’shinning so’l qanoti. Juvang’ir istilohi bu ma’noda o’zbek tiliga XIII asrning 30-yillarida o’zlashgan. Chingizxon qo’shini Juvang’irining soni 62 ming askardan iborat bo’lgan. Temur va temuriylar qo’shinida Juvang’irga temuriyzodalar va atoqli lashkarboshilar qo’mondonlik qilgan. Odatga ko’ra, Juvang’ir jangchisining barang’ardan o’rin olishi harbiy intizomni buzish deb baholangan. Juvang’ir istilohi harbiy ma’noda XX asr boshigacha iste’molda bo’lgan. Juvang’ir toponimik nom sifatida Jungariya atamasida saqlanib qolgan.