Kalom
Kalom (arabcha-ravon nutq, jumla, gap, so’z)-ilohiyot ilmi. VIII asrda Arab xalifaligida paydo bo’lgan. Kalom islom diniy ta’limotini asoslashga harakat qiladi. Kalom tarafdorlari mutakallimlar deyiladi. Kalom ilohiyotchilari faylasuf bo’lmaganlar. Kalom ummaviylar hukmronligi davrida rasmiy hokimiyat bilan xorijiylar, shialar, murji’iylar va boshqa diniy-siyosiy guruhlar orasida yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar, bahslar jarayonida paydo bo’ldi va taraqqiy qildi. Siyosiy kurash diniy shiorlar ostida olib borilganligi sababli, Alloh adolati (adl), mavjud voqelik Alloh tarafidan yaratilganmi va uni o’zgartirish mumkinmi (qadar), kimni imonli yoki gunohkor deb hisoblab jazolash kerak (imon) va hokazolar dolzarb masalalar edi.