Kanpir devor, Kampir devor, devori Kan(m)pirak

Kanpir devor, Kampir devor, devori Kan(m)pirak-O’rta Osiyoda dehqonchilik vohalarini ko’chmanchila hujumidan himoya qilish maqsadida barpo qilingan mudofaa inshootlari tizimi xarobalari. Ma’nosi “qazilgan” (choh) demakdir. 1) Qadimgi Buxoro vohasidagi shahar-qishloqlarni o’rab olgan mudofaa devori (Devoi kanpirak). Kanpir devor Qadimgi Sug’d podsholari zamonida bino qilingan. Kanpir devor xarobalarining eni 25-35 metr, balandligi 1-3 metr, ba’zi yerlarda 4 metrgacha yetadi. Dastlabki vaqtlarda uning kengligi 12-14 metr, balandligi 8-10 metr, uzunligi 336 kilometr bo’lgan; 2) Qadimgi Sug’d vohasini o’rab olgan Kanpir devor VIII asr oxiri-IX asr boshlarida bino qilingan. Uzunligi 120 kilometr. Sun’iy ko’tarma holida saqlangan Kanpir devor xarobasining kengligi 15-20 metr, balandligi 2-4 metr; 3) Qadimgi Ustrushona vohasini o’lgan. Bu devor ham sun’iy ko’tarma holida saqlangan bo’lib, kengligi 15-20 metr, ba’zi joylarda hatto 25 metr, balandligi 1 metrdan 3 metrgacha; 4) Qadimgi Farg’ona vodiysining g’arbidagi Kanpir devor VIII asr oxiri-IX asr boshlarida bino qilingan. Devor xarobasi shimoldan janubga yo’nalgan bo’lib, juda yaxshi saqlangan. Kengligi 12-15 metr, balandligi 2-4 metr; 5) Qadimgi Toshkent vohasini shimol tarafdan o’ragan Kanpir devor Xo’jakentdan Sirdaryogacha cho’zilgan bo’lib, xarobalarining kengligi 10-15 metr, balandligi 1-2 metr. VIII-IX asrlarda O’rta Osiyoda arablar hukmronligi davrida Buxoro, Sug’d va Ustrushona vohalari atrofida Kanpir devorlar bir-biri bilan tutashtirilib, yagona mudofaa tizimi vujudga keltirilgan. X asrda (somoniylar davrida) Kanpir devorlar o’z ahamiyatini yo’qotib, xarobaga aylana boshlagan.