Mixxat
Mixxat-qadimda Old Osiyoda qo’llangan, mix yoki ponachalarga o’xshash chiziqcha (belgi)larni loy taxtachalarga o’yib tushirishdan iborat ideografik yozuv turi, miloddan avvalgi 3-mingyillik boshlarida shumerlar tomonidan yaratilgan. Bunda ayrim buyumlar va umumiy tushunchalarning nomi rasmlar bilan ifodalangan, masalan, oyoq tasviri “yurish”, “turish”, “olib ketish” ma’nolarini anglatgan. Bunday belgilar miqdori 1000 tagacha yetgan. Shumer Mixxati dastlab yuqoridan pastga, keyinchalik gorizontal holda-chapdan o’ngga qarab yozilgan. Miloddan avvalgi 3-mingyillik o’rtalarida Mixxatning so’z-bo’g’inli shakli paydo bo’lgan, belgilar miqdori 600 tagacha qisqartilib, rasm-belgilar soddalashtirilgan. Ayni shu davrda shumer Mixxati akkadliklar (bobilliklar va ossuriyaliklar) tomonidan o’zlashtirilib, somiy tillarga moslashtirilgan, belgilar soni 300 tagacha tushirilgan. Akkadliklar ishlab chiqqan Mixxat, keyinchalik, miloddan avvalgi 2-1-mingyilliklar davrida, bir qancha qo’shni xalqlar tillari (xett, elam, urart, qadimgi fors va boshqalar)ga moslashtirilgan holda qo’llana boshlgan. Bu davrda Mixxatlar harf-tovushbo’g’in yozuvlariga ancha yaqinlashib, shunday yozuvlarning kelib chiqishiga asos bo’lgan. Miloddan avvalgi 1-mingyillik oxirlarida Mixxatlar o’rnini oromiy yozuvi egallagan.