Xalq pedagogikasi
Xalq pedagogikasi — tarbiyaning maqsad va vazifalari borasida muayyan xalqning hayotiy tajribasi hamda turmush tarzida shakllangan amaliy qarashlar majmui; muayyan jamiyatda yashash uchun har bir odam amal qilishi shart sanalgan va urfodat, udum, xulqodob, marosim, an’ana, turmush tarzi, badiiy ijod, uyin singari empirik vositalarda namoyon bo’ladigan amaliy faoliyat hamdir. Xalq pedagogikasi fanda etnopedagogika deb ham yuritiladi. Pedagogika fanida Xalq pedagogikasiga xos eng muhim belgilaridan biri uning qadimiyligidir. Har qanday xalq muayyan etnos sifatida mavjud bo’lishi uchun o’ziga xos qiyofaga ega bo’lishi kerak. Xalqning ijtimoiy, ma’naviy, intellektual qiyofasi esa uning pedagogika vositasidagina shakllanadi. Xalq pedagogikasi muayyan xalqning o’zi bilan birga dunyoga kelgani uchun ham uning tarixi xalq tarixi bilan teng. Xalq pedagogikasining ikkinchi belgisi uning to’liq amaliy xususiyatga egaligidir. Xalq ta’lim-tarbiya jarayoni va uning natijalariga pragmatik nazar bilan qaragani uchun Xalq pedagogikasi g’oyalar shaklida emas, balki urf-odat, an’ana, amal, udum, xulq-odoblar tarzida namoyon bo’ladi. Xalq pedagogikasi ta’limtarbiya haqidagi fikrlar yig’indisi emas, balki amal qilinishi majburiy bo’lgan va bajarilishi hamma tomonidan nazorat qilinadigan amaliy xulqiy ko’nikmalar va shu kabilar majmuidir. Xalq pedagogikasining uchinchi xususiyati uning muallifi noma’lum, anonim pedagogika ekanligidir. Xalq pedagogikasi talablarining yaratuvchisi ma’lum bo’lmaganligi uchun ham muqaddas sanalgan va so’zsiz bajarilgan. Etnopedagogikaga doyr biror talabning muallifi ma’lum bo’lsa, uning ta’siri pasayib ketadi. Chunki u, kim bo’lsada, qandaydir bir odamning istagi sifatida qabul etiladi. Anonimlik esa urf-odat, udum, xulqodatlarga sirlilik, muqaddaslik tusini beradi. Xalq pedagogikasining to’rtinchi belgisi uning sinkretik (qorishiq) xususiyatga egaligidir. Xalq hayoti ko’p qirrali ekani holda yaxlit bo’lgani singari uning pedagogikasi ham qorishiqdir. Xalqning turli yo’nalishdagi pedagogik tadbirlari sinkretik tarzda birvarakaiiga olib borilgani uchun Xalq pedagogikasiga alohidalik emas, umumiylik xosdir. Xalq pedagogikasining beshinchi belgisi uning keng yoyilganligidir. Xalq pedagogikasiga oid amallar muayyan etnik birlikning hammasiga birday tatbiq qilinadi. Muayyan shaxslarning xohishirodasi qandayligidan qat’i nazar, xalqning har bir vakili uning tarbiya va yashash tarziga doir talablariga rioya etishga majbur. Xalq pedagogikasi talablarini bajarishda tarbiyalanuvchining istaklari inobatga olinmaydi. Muayyan etnik birlikning turmush tarzida namoyon bo’lishi Xalq pedagogikasining oltinchi xususiyatidir. Xalq pedagogikasi empirik tabiatga ega bo’lib, jamiyat a’zolari hayotini yo’lga qo’yishga qaratilgan va uning qoidalari muhokama uchun emas, balki turmush mobaynida amal qilish uchundir. O’zbek Xalq pedagogikasi uzoq tarixga ega va millatdagi eng konservativ, sekin o’zgaradigan, ana shu xususiyati tufayli xalqning o’ziga xos qiyofasi saqlanib qolishini ta’minlaydigan hodisa ekanligiga qaramay, o’z taraqqiyoti davomida bir qator o’zgarishlarni boshidan kechirdi. O’zbek Xalq pedagogikasining taraqqiyot tarixi Islomgacha bo’lgan davr xalq pedagogikasi, Islom ta’siri davri xalq pedagogikasi, tashqi ta’sirlar davri xalq pedagogikasi, mustaqillik davri xalq pedagogikasi singari bosqichlardan iborat. O’zbek Xalq pedagogikasining bu tarzda davrlashtirishda xalq ruhiyati, yashash va fikrlash tarzidagi tub sifat belgilarining o’ziga xosligi hisobga olingan. Ko’p ming yillik tarixga ega o’zbek xalqi ilmiy va moddiy buyum tarzidagi dalillarga ko’ra, Islom dini qabul qilingungacha bo’lgan vaqtda tamomila o’ziga xos tarzda hayot kechirgan. Olam hodisalarini o’zgacha yo’sinda tushungan va izohlagan, hayotdan boshqacha ta’sirlangan va ta’sir ko’rsatgan, tiriklik va o’lim, u dunyo va bu dunyo, ezgulik va yovuzlik, go’zallik va xunuklik, savob va gunoh, halol va harom singari tushunchalar o’zgacha mazmun anglatgan. «Avesto» asari yuzasidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, shuningdek, Seleng’ur, Xorazm, Bolaliktepa, Issiqqo’rg’on, Chust, Rishton va Burchmulladan topilgan obidalar shundan dalolat beradi. Islom dinining qabul qilinishi o’zbek xalqining turmush tarzini tamomila o’zgartirib yubordi, uni olamning musulmonlar deb atalmish ko’p sonli qavmi bilan yaqinlashtirdi, xalqning turmush tarzi, madaniyati, ma’naviyati, ruhiyati, iqtisodi va ijtimoiy turmushiga favqulodda katta ta’sir ko’rsatdi. Ayni vaqtda, xalq o’zining azaliy milliy qiyofasini ham saqlab qoldi. Chunki u qadimdan puxta shakllangan va qat’iy amal qilinadigan udumlar, odatlar, an’analar tizimiga ega edi. Xalq Islomni qabul qilgandan keyin uning yashash, fikrlash, ta’sirlanish tarzida sodir bo’lgan o’zgarishlar Xalq pedagogikasida aks etdi. Endi xalq halol va harom, gunoh va savob, taqdir, qismat, u dunyo va bu dunyo, hayot, o’lim hamda qayta tirilish borasida tamomila yangi qadriyatlarni o’zlashtirdi, ularni hayot tarziga, udumlarga, urf-odatlarga, an’analarga, marosimlarga, ya’ni pedagogikaga aylantirdi. Bu davrdagi xulq-atvor, an’ana, udum, odatlar ma’naviy turmushdagi ayni shu jihatlarni aks ettiradigan bo’ldi. O’zbek millati juda uzoq vaqg mobaynida Islom dini ta’siridagi Xalq pedagogikasiga amal qilgan holda yashadi. 19-asrning 2-yarmiga kelib, Rossiya bosqini sababli o’zbek xalqining turmush tarzi, fikrlash yo’sini, tarbiya tamoyillarida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Faqat Islom dini belgilagan turmush tarzi, aqida, an’ana va odatlar bilangina yashash mumkin bo’lmay qoldi. Xalqning ongi, axloqi, fikri, turmushi o’zgarishi bilan uning pedagogikasi ham o’zgarishlarga uchradi. Yangi an’ana va odoblar paydo bo’ldi, ayrim pedagogik qadriyat, axloqiy aqidalar esa yo’qoldi. Xalq pedagogikasidagi yo’qotishlar, ayniqsa, sho’ro davrida keng tus oldi. Xalq pedagogikasi tufayli shiddatli o’zgarishlar girdobida qolgan o’zbek millati o’z qiyofasini saqlab qola bildi. Istiqlol natijasida esa o’zbek xalqining fikrlash, yashash, olamni anglash va izoxlash yo’sini yangilandi, xalq ruhiyati, ma’naviy qiyofasi o’zgardi. Bu o’zgarishlar xalqning turmush tarzida paydo bo’layotgan yangi odat, an’ana, xulq-atvor, urf va udumlar tarzida namoyon bulmoqda. Mustaqillik davri Xalq pedagogikasida ko’plab Islomiy an’analar qayta tiklanib, amaliy tarbiya jarayoniga tatbiq etila boshlandi. Xalq pedagogikasi tarixiy tushuncha sifatida hozirgi kunda ham zamon talablariga mos ravishda boyib bormoqda va jiddiy amaliy-tarbiyaviy ahamiyat kasb etmoqda. Qozoqboy Yo’ldoshev.