Shayboniyxon, Sulton Muhammad Shayboniyxon
Shayboniyxon, Sulton Muhammad Shayboniyxon (1451— 1510) — Shayboniylar sulolasi asoschisi. Abulxayrxonning nabirasi, Shohbudog’ Sultonning o’g’li. Abulxayrxon unga Shohbaxt deb laqab qo’ygan. Otasining erta vafotidan so’ng, bobosining qaramog’ida qolgan Sulton Muxammad Shaybon Boyshayx otalig’ida voyaga etgan. U 15-asr 80-yillarida Abulxayrxon vafotidan so’ng Dashti Qipchoqning asosiy hududida o’z hukmronligini o’rnatmoqchi bo’lgan. Shayboniyxon 1490 yillardan o’zaro kurashlar va ichki nizolar tufayli tobora zaiflashib borayotgan Temuriylar hududi bo’lgan Movarounnahrda ham o’z hukmronligini o’rnatish uchun harakat boshlagan. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida Movarounnahrga qilgan yurishlari natijasida hokimiyat boshqaruvi uning qo’liga o’tgan. U o’zbek, fors tillarida g’azal, ruboiylar ham bitgan. Uning ana shu g’azal, ruboiylaridan ayrimlari va «Baxrul Xudo» nomli dostoni, o’g’li Temur sultonga atab yozgan pandnasihatlardan iborat kitobi (Yagona nusxasi Turkiyada saqlangan) bizgacha yetib kelgan. Shayboniyxon Turkistonning Sig’noq, Sabron, yassi sh.larini ham o’z qo’l ostiga kiritgan. 1504 yil Hisor, Qunduz, Badaxshon, Balx, 1505 yilda Xorazm, 1507 yilda Hirot ham Shayboniyxon qo’l ostiga o’tgan. Keyinroq Eronning Mashhad va Tus shaharlarini ham egallagan. 1510 yilda Marv yaqinidagi Mahmudobod qishlog’ida Eron shohi Ismoil Safaviyning 12 ming kishilik askari bilan Shayboniyxon qo’shini o’rtasidagi jangda uning qo’shinlari mag’lubiyatga uchragan va Shayboniyxonning o’zi ham halok bo’lgan. Uning boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland sufaga dafn qilingan. Baland Sufa Registon maydonida Tillakori va Sherdor madrasalari o’rtasidagi burchakda joylashgan bo’lib, bu erga keyinchalik boshqa Shayboniylar ham dafn etilgan. Ad.: Istoriya Uzbekistana, t. 3, Bartold V.V., Sheybanidi Sochineniya, t. 2 (ch.2), M., 1964. Roziya Mukminova.