Shri Lanka
Shri Lanka (1972 yilgacha Tseylon), Shri Lanka demokratik Sotsialistik Respublikasi — Hind okeanidagi Shri Lanka orolida, Hindiston yarim orolidan Janubi Sharqda joylashgan davlat. Maydoni 65,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi 19,5 million kishi (2002). Rasmiy poytaxti — Jayavardenapura- Kotte (parlament joylashgan); amaldagi poytaxti — Kolombo shahri ma’muriy jihatdan 9 viloyat (rgoutse)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Shri Lanka — Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiruvchi respublika. Amaddagi konstitutsiyasi 1978 yil 7 sentyabrda qabul qilingan; keyinchalik o’zgartishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — prezident (1994 yildan Kumaratunga Chandrika xonim). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident va bir palatali parlament, ijrochi hokimiyatni parlament va bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Orol sohillarining aksariyat qismi past, lagunali, marjon riflari bilan o’ralgan, kam parchalangan. Hududining 80%dan ortig’i pasttekislik, ayrim joylarda qoyalar uchraydi. Markazi va Janubda zinapoyasimon tog’lik joylashgan. Eng baland joyi — Pidurutalagala tog’i (2524 metr). Shri Lankada grafit, kvars, qimmatbaho toshlar, kaolin va boshqalar bor. Iqlimi mussonli, shimol va sharqida subekvatorial, Janub va g’arbida ekvatorial iqlim. Havo temperaturasi tekisliklarda 26-30°; tog’larda 15-20° gacha pasayadi. Yillik yog’in tog’likning Janubiy g’arbiy yon bag’rida 5000 metrgacha, tog’ etaklarida 2000 millimetrgacha, shimoliy g’arbiy va Janubiy Sharqiy sohillarida 1000 millimetrdan kam. Daryolari qisqa va sersuv (eng yirigi Maxaveli daryosi); quyi oqimida kema qatnaydi. Tuproqlari qizil va laterit, Daryo vodiylari va sohilida allyuvial tuproq. Mamlakat hududining 44% nam tropik o’rmon bilan qoplangan. Yassitog’liklar savanna tipidagi yalangliklardan iborat. Sohilida mangra o’rmonlari va kokos palmazorlari bor. Hayvonot dunyosi xilma-xil: fil, maymun, kiyik, to’ng’iz, qoplon, silovsinlar yashaydi; timsoh, toshbaqa, ilonning bir qancha turi, kaltakesak bor. Qush va hasharot ko’p. Vilpattu, Yala (Ruxunu), Galoya milliy bog’lari, Kandi shahri yaqinida botanika bog’i bor. Aholisining 75% singallar, 16% dan ortig’ini tamillar tashkil etadi. Shuningdek, mavrlar (Arab va mahalliy musulmonlar avlodlari) va boshqalar ham yashaydi. Shahar aholisi 23%. Rasmiy tillar — Singal, Tamil va ingliz tillari. Dindorlar buddaviylik, hinduiylik, Islom va boshqalar dinlarga e’tiqod qiladilar. Yirik shaharlari: Kolombo, Jafna, Kandi. Tarixi. Shri Lanka hududida odam Paleolit davridan yashaydi. Miloddan avvalgi 5-asrda Hindistondan hindlar ko’chib o’tishgan. Miloddan avvalgi 3-asrda dastlabki yirik davlat uyushmasi paydo bo’ldi. 15-asrda 3 yirik davlat (singallarning Kotte va Kandi, tamillarning Jafna davlatlari) vujudga keldi. 16-asrda Portugaliya Orol sohilini bosib oldi. 17-asr o’rtalarida Niderlandiya portugallarni siqib chiqarib, orolning 1/4 qismini egallab oldi. 18-asr o’rtalaridan Angliya bilan Niderlandiya o’rtasida Orolni egallash uchun kurash avj oldi. 1795-96 yillarda Orolni inglizlar bosib oldi. Orol dastlab Angliyaning Ostindiya kompaniyasiga qarashli Madras Prezidentligiga qo’shib yuborildi. 1802 yildan Buyuk Britaniyaning alohida mustamlakasiga aylandi. Tseylon aholisining mustamlakachilarga qarshi bir necha marta qo’zg’olonlari bo’lib o’tdi (1796, 1818, 1848). 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida siyosiy tashkilotlar vujudga keldi, milliy ozodlik harakati avj oldi. 1919 yil birinchi yirik siyosiy partiya — Tseylon milliy Kongressi tuzildi. 2-jahon urushi yillari (1939-45) mamlakatdagi demokratik kuchlar milliy mustaqillik uchun kurashni yanada avj oldirdilar. 1948 yil 4 Fevralda Buyuk Britaniya Tseylonga dominion maqomi asosida mustaqillik berishga majbur bo’ldi. Mamlakatda chet el harbiy bazalari tugatildi, iqtisodiyotda davlat sektori kengaydi, qishloq xo’jaligida islohotlar o’tkazildi; tashqi siyosatda betaraflik, harbiy bloklarda qatnashmaslik yo’li tutildi. 1972 yil 22 mayda Tseylon Shri Lanka Respublikasi deb e’lon qilindi. 1978 yil 7 sentyabrdan Shri Lanka Demokratik Sotsialistik Respublikasi deb atala boshladi. 1977 yildan iqtisodiyotda xususiy sektorni mustahkamlash va unga xorijiy sarmoyani jalb etish siyosati amalga oshirilmoqda. 1980-yillardan etnik ziddiyatlar keskinlashgan. Shri Lanka — 1955 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami — 4 Fevral — Mustaqillik kuni (1948). O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1992 yil 12 Fevralda tan olgan va 1999 yil 13 oktyabrda diplomatiya munosabatlarini o’rnatgan. Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Birlashgan erkinlik Ittifoqi, 1993 yil tuzilgan; Shri Lanka Kommunistik partiyasi, 1943 yil 3 iyulda tashkil etilgan; Shri Lanka xalq partiyasi, 1984 yil yanvarda tuzilgan; Birlashgan milliy partiya, 1946 yil asos solingan. Shri Lanka ozodlik partiyasi, 1951 yil tashkil etilgan; Shri Lanka sotsialistik partiyasi, 1935 yil dekabrda tuzilgan; Shri Lanka musulmonlar kongressi, 1980 yil tashkil etilgan; Tamil ozodlik Birlashgan fronti, Tamil millatchi partiyalar bloki, 1972 yil asos solingan. Demokratik ishchilar Kongressi, 1956 yil tashkil etilgan; Tseylon ishchilar Kongressi, 1940 yil tuzilgan; Tseylon kasaba uyushmasi federatsiyasi, 1941 yil asos solingan; Umumtseylon erkin kasaba uyushmalari federasiyasi. Xo’jaligi. Shri Lanka — plantatsiya ho’jaligi rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo’jalik 18%, sanoat 31%, xizmat ko’rsatish tarmog’i 51% ni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligi. Iqtisodiy faol aholining 70% dan ko’prog’i qishloq xo’jaligida band. Hududining 1/3 qismi qishloq xo’jaligida foydalaniladi. Iqtisodiyotining asosi — mahsuloti eksport qilinadigan o’simliklar (choy, kauchuk, kokos palmasi) o’stirish. Choy yetishtirish bo’yicha Shri Lanka dunyoda oldingi o’rinlarda turadi. Ichki ehtiyoj uchun sholi, tariq, makkajo’xori, dukkakli o’simliklar, batat, maniok, sabzavot, ziravorlar, texnika ekinlaridan tolali va moyli o’simliklar, shuningdek, banan, ananas yetishtiriladi. Qoramollardan, asosan, yuk tashishda foydalaniladi. Dengizdan baliq ovlanadi va marvarid olinadi. Sanoatida grafit, qimmatbaho toshlar, tuz qazib olinadi. Yiliga o’rtacha 4,4 milliard kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Choy va kauchukka ishlov berish, kopra va kokos moyi ishlab chiqarish sanoatning asosiy tarmoqlaridir. Yengil, oziq-ovqat sanoati, metallsozlik korxonalari bor. Mamlakatda turizm katta daromad keltiradi. Transportida avtomobil transporti muhim ahamiyatga ega. Avtomobil yo’llari uzunligi 102,6 ming kilometr, temir yo’l uzunligi 1,49 ming kilometr. Tashqi savdo yuklari, asosan, kemalarda tashiladi. Asosiy portlari: Kolombo, Trinkomali, Galle. Shri Lanka chetga choy, marvarid, kauchuk, kokos palmasi mahsulotlari, qimmatbaho toshlar, to’qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari chiqaradi. Chetdan neft va neft mahsulotlari, mashina va jihozlar, transport vositalari, maishiy texnika oladi. Tashqi savdoda AQSh, Yaponiya, Hindiston, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqalar davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Shri Lanka rupiyasi. Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Shri Lankada vrachlar untlarning 2 tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Mamlakatda 12 yillik maktab joriy qilingan. Boshlang’ich va kichik o’rta maktabda ta’lim majburiy. O’qish davlat maktablarida bepul va u Singal yoki Tamil tillarida, oliy o’quv yurtlarida ingliz tilida ham olib boriladi. Kolombo, Jafna, Moratuva va boshqalarshaharlarda untlar bor. Shuningdek, Kolomboda texnologiya kolleji, yuridik kollej, Jafna va boshqalar shaharlarda kollejlar bor. Ilmiy tadqiqotlarni Shri Lanka milliy ilmiy kengashi (1968 yil tuzilgan) muvofiklashtiradi. Ilmiy tadqiqotlar ilmiy va sanoat tadqiqotlari instituti (1955), qishloq xo’jalik tadqiqotlari instituti (1972), tibbiyot tadqiqotlari instituti (1900), astronomiya rasadxonasi (1907), qishloq xo’jalik Markaziy ilmiy tekshirish instituti (1965), choy instituti (1925)da olib boriladi. Kutubxonalari: Shri Lanka milliy muzeyi kutubxonasi, Kolombodagi jamoat va yuridik kutubxonalar, universitetlar huzuridagi kutubxonalar. Shri Lanka milliy muzeyi Kolombo, Kandi, Ratnapura, Anuradhapuradagi milliy muzeylarni birlashtiradi. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Shri Lankada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Yiriklari: «Ay- Lend» («Orol», ingliz va Singal tillaridagi haftalik gazeta, 1981 yildan), «Davasa» («kun», Singal tilidagi kundalik gazeta, 1961 yildan), «Deyli Nyus» («Hafta yangiliklari», ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1918 yildan), «Deyli observer» («kundalik kuzatuvchi», ingliz tilidagi kundalik kechki gazeta, 1834 yildan), «Dinamina» («kun yangiliklari», Singal tilidagi kundalik gazeta, 1909 yildan), «Navayugayya» («yangi asr», singal tilidagi jurnal, 1956 yildan), «San» («Quyosh», ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1964 yildan), «Silumina» («tojdagi qimmatbaho tosh», «Dinamina» gazetaning yakshanbada chiqadigan bezakli nashri, 1930 yildan). Lankapuvat, milliy axborot agentligi, 1978 yil tuzilgan; Press Trast of Tseylon, Shri Lankaning milliy kooperativ axborot agentligi, 1951 yil tashkil etilgan. Shri Lanka radioeshittirish korporasiyasi, davlat xizmati, 1967 yil asos solingan. Teleko’rsatuvlar 1979 yildan boshlangan. Adabiyoti, asosan, Singal, shuningdek, Tamil va ingliz tillarida rivojlanmoqda. Singal tilidagi dastlabki asar 6-asrda paydo bo’ldi. O’rta asr Singal adabiyoti qadimiy hind adabiyotidagi xronika va Doston janrlarini o’zlashtirdi. 13-asrdan buddaviylik g’oyalarini targ’ib etuvchi oddiy tilda yozilgan Nasr muhim o’rin egalladi. Vidyachakravartning «Buddaning qarorgohi», Mayurapadetxeroning «Xayrehson tarixi» pandnasihatlar to’plami Singal adabiyotida birinchi marta dehqonlarning og’ir hayotini tasvirlagan muhim nasriy asardir. Qishloq hayoti budda rohiblari Dxarmasena, Dxarmakirtimaxatxero asarlarida ham aks ettirildi. 15-asrda she’riyat, asosan, doston maktub yetakchi o’rinni egalladi (Shri Raxula, Vettevetxero, Vidagama). 16-asr oxiri — 17-asr boshlari she’riyatining yorqin vakili Alagyavanna Moxottaladir. Portugal, niderland, keyinchalik inglizlar mustamlakachiligi adabiyot taraqqiyotini sekinlashtirdi. 20-asr boshlarida Singal tilida S. de Silva, P. Sirisenaning birinchi romanlari paydo bo’ldi. V.A Silva tarixiy va satirik roman, hikoyalar yozdi. Realizmning qaror topishi, Singal adabiy tilining rivoji yozuvchi va adabiyotshunos M. Vikramasingxe (1891 — 1976) nomi bilan bog’liq. U Singal nasrida birinchi marta ishchilar sinfi vakili obrazini yaratdi. X. Munidas, G.B. Senanayake, K.Jayatilaki, E. Saratchandra kabi yozuvchilar o’z asarlarida insonparvarlik g’oyalarini olg’a surdilar. M.Ratnayake, G. Liyanage, A.V. Suravira, K.Karunaratna roman va qissalarida muhim ijtimoiy muammolar ko’tarilgan. Shoirlar S. Maxinda, S. Palansuriya, G.X. Perera va boshqalar, dramaturglar A. Samaravira, E. Saratchandra, V.A. Abesinxe va boshqalar samarali ijod qildilar. 1969 yil Shri Lankaning ilg’or yozuvchilari «Xalq yozuvchilari fronti» tashkilotiga birlashdilar. Shri Lankaning Tamil tilidagi ko’p asrlik adabiyoti Hindiston Tamil adabiyoti izidan rivojlanib kelmoqda. 20-asrda she’riyat, novella rivojlandi. Yozuvchi va shoirlardan S.P. Amarasingam, J. Vedjatunga, K. Daniel, D. Jiva va boshqalar mashhur. Ingliz tilidagi adabiyot 19-asrda paydo bo’ldi. R.L. Spittel, G. Virasuriya, R. Proktor, A. Ranasingxe, J. Gunaverdena 20-asrning mashhur yozuvchilaridir. Me’morligi. Shri Lanka san’atining qadimiy davri (miloddan avvalgi 3-asr — milodiy 8-asr) Hindiston san’atiga ko’p jihatdan o’xshash bo’lib, asosan, Anuradhapuradagi buddaviylik bilan bog’liq bo’lgan yodgorliklarda mujassamlangan. O’rta asr (8-13-asrlar)da qurilishlar aksariyat yangi poytaxt — Polonnaruvda olib borilgan. Shri Lanka mustaqillikka erishgach, milliy me’morlik maktabi shakllandi; shahar va qishloq majmualari paydo bo’ldi. Me’morlikda o’rta asr milliy belgilari hozirgi Yevropa qurilish usullari bilan uyg’unlashib ketdi (Kolombodagi Davlat milliy Assambleyasi bino, 1948; «Silon Interkontinental» mehmonxonasi, 1970-yillar boshi; Kolombodagi Solomon Bandaranaike haykali, 1976). Tasviriy san’ati. Shri Lanka san’atining ilk davri Hindiston san’ati, xususan, buddaviylik bilan bog’langan (ibodatxonalar haykallar bilan bezatilgan). Dunyoviy tosh haykaltaroshligining ko’pgina namunalari, ma’budalarning metalldan yasalgan haykalchalari, qoyatoshlarga ishlangan mashhur Sigiriya naqshlari saqlangan. Mustamlakachilik davrida (16-asrdan) Shri Lankada amaliybezak san’ati rivojlandi (metall, yog’och, fil suyagi, lok, tosh hamda loydan badiiy buyumlar ishlandi). Shuningdek, zargarlik bezaklari, badiiy gazlama, kashta, yog’och niqoblar tayyorlandi. Shri Lankada professional dastgohlik san’ati ingliz san’ati ta’sirida 19-asr oxirida vujudga keldi. «Tseylon san’ati jamiyati» birinchi badiiy uyushma bo’lgan (1888 yildan; rassomlar A. Amarasekera, J.D. A. Perera. T. Rajapaksha, S.G.Abeysingxe, D. Peynter va boshqalar). 20-asr boshlari ozodlik harakati ta’ Yevropadagi yangi oqimlar tajribalarini milliy an’analar bilan uyg’unlashtirgan rassomlik maktabi shakllandi («43 guruhi», rassomlar J. Keyt, G. Pieris; «Milliy san’at jami- yati»). Shri Lankada badiiy hunarmandchilik rivojlangan (to’quvchilik, yog’och va suyak o’ymakorligi, lokli buyumlar tayyorlash, qimmatbaho toshlarni qayta ishlash va hokazolar). Musiqasi. Shri Lanka musiqasi uzoq vaqt Janubiy Hindiston musiqa madaniyati ta’sirida rivojlandi. Singallarda cholg’u musiqasi vokal musiqadan ustun bo’lgan. Musiqa asboblari: bera barabanlari (5 turi bor), panteru (mis qo’ng’iroqli halqa), talampot deb nomlangan mis tarelkalar, xoraneua (goboy turi), xagediya (turli shakl va o’lchamdagi dengiz chig’anoqlari) va boshqalar raqs milliy bayram, diniy rasmrusum, teatr spektakllarining ajralmas qismi. Singallar qo’shig’i qisqa kuylardan iborat. Shri Lanka mustaqillikka erishgach, milliy madaniyatni saqlash masalalari bilan Singal madaniyati instituti shug’ullana boshladi. Kompozitorlar orasida P. Kemadasa, P. Dunstan de Silva, V.D. Amaradeva mashhur. Milliy raqs ansamb (1973), raqschilar oilasi avlodidan iborat raqs ansambli (1970-yillar), Shri Lanka simfonik orkestri va boshqalar jamoalar bor. Kolomboda nafis san’at davlat kolleji (1953), hukumat musiqa kolleji, universitet huzurida raqs maktabi faoliyat ko’rsatadi. Teatri. Shri Lanka teatr san’ati xalqo’yinlari, marosimlari va qadimdan shu orolda yashagan qabilalarning raqslaridan boshlangan. Xalq teatrlarining har xil turlari mavjud. Bular: kolam (raqs va pantomimalarga asoslangan niqobli tomosha teatri), sokari (komediya tomoshalarini namoyish etuvchi teatr) va boshqalar zamonaviy teatrning vujudga kelishi Shri Lanka xalqining milliy ozodlik kurashi bilan chambarchas bog’liq. 1920-y.larda professional truppalar vujudga keldi. Ularning repertuaridan milliy dramaturglar K.D.Bastian, D. de Silva asarlari o’rin oldi. Shri Lanka mustaqillikka erishgach, milliy an’analarni tiklash va rivojlantirish imkoniyati tug’ildi. Yangi teatr turlari, jumladan, an’anaviy va xalq raqs san’atini uyg’unlashtirgan balet teatri paydo bo’ldi. 1944 yil birinchi professional raqqos va baletmeyster Chitrasena rahbarligida maktab va truppa (1955 yildan Chitrasena Tseylon baleti) tashkil etildi. Mamlakatda havaskor teatr jamoalari ham mavjud. Kinosi. 1948 yil «Singalafilm» kinokompaniyasi tuzildi. Shri Lanka kino san’ati rivojiga Hindiston kinosi ta’siri katta. Dastlab tijorat filmlar yaratildi. Xalq hayotini haqqoniy aks ettiruvchi dastlabki filmlar 1950-yillarning oxiri — 1970-yillarda yaratildi («Taqdir chizig’i», «maktub», «o’zgargan qishloq»; hammasining rejissyor L.D. Peries). 1972 yil Davlat kinokorporasiyasi tashkil etildi. 70-yillarda ilg’or rejissyorlar o’z filmlarida muhim ijtimoiy muammolarni yoritdilar («ezgu istak», «Lasanda», ikkovining rejissyor K. Perera; «nima bo’ldi?», rejissyor P. Gunaratne; «Yetti dengiz», rejissyor S. Gunasinge). Shri Lanka kinosida rejissyor lard. Patxiraja, M. Sandasagera, S. Peries va boshqalar mashhur. 80-yillardagi eng yaxshi filmlar: «qayiqlar sohilga qaytganda» (rejissyor S. Aryavatna), «ikki oila» (rejissyor S. Peries).