ANJU SULOLASI

ANJU SULOLASI — o’rta asrlarda qator Yevropa mamlakatlarida Anju (Frantsiya) graflaridan boshlangan qirollar sulolasi. Angliyada 1154 — 1399 yillarda, Janubiy Italiyada 1268 — 1442 yillarda hukmronlik qilgan; Sitsiliyada — 1268 — 82 (norasmiy 1266 — 1302). Sitsiliya va Janubiy Italiyadagi Anju sulolasi asoschisi — Karl Anjuyskiy (1285 yilgacha hukmronlik qilgan). Sitsiliyadagi 1282 yil qo’zg’oloni va Aragon sulolasi qaror topgan Sitsiliya oroli ajralib chiqqach (1302), anjuliklar qo’lida faqat Janubiy Italiya — Neapol qirolligi saqlanib qolgan. Vengriyadagi Anju sulolasi 1308 — 87 yillarda hukmronlik qilgan (asoschisi — Karl Robert, 1342 yilgacha taxtni boshqargan); Polshada — 1370 — 82 va 1384 — 85 yillarda mamlakatni boshqargan.