Xo’ja Alambardor maqbarasi

Xo’ja Alambardor maqbarasi — Toshkentdagi me’moriy yodgorlik (19-asr); Kamolon qabristonida. Xo’ja Abdul Aziz Alambardor (Alambardor — bayroqdor) nomi bilan ma’lum bo’lgan shaxsga atab qurilgan. Maqbara g’ishtdan bezaksiz qurilgan. Peshtoqgumbazli, to’rtburchak tarhli (8,87×8,0 metr), balandligi gumbazi bilan 10,3 metr. Peshtoq orqali murabba tarhli (6,08×6,08 metr) xonaga kiriladi. Xonaning gumbaz osti bag’allaridagi g’ishtlar mavj usulida terilgan. Maqbara sharqidan 9 metr naridagi chillaxona yer ostida joylashgan bo’lib, Chortoq tarhli fonusi yer yuziga turtib chiqqan, ichki devorlari chuqur ravoqli. Unga zinapoya orqali tushiladi.