Valensiya

Valensiya — Ispaniya sharqidagi shahar. Valensiya tarixiy viloyati va provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 753 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Turiya daryosining O’rta dengizga quyilish joyidagi port. Xalqaro aeroport bor. Temir yo’l tuguni. Sanoati asosan qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash va chetga chiqarish bilan bog’langan. Mashinasozlik, kemasozlik, to’qimachilik, yog’ochsozlik, kimyo sanoati korxonalari bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Valensiyada Arab va ispanlarning o’rta asr me’moriy yodgorliklari saqlangan: sobor (13-14-asrlar), Aguas saroyi (barokko uslubida. 18-asr) va boshqalar. Shaharda san’at, keramika muzeylari, botanika bog’i va universitet (16-asr) bor. Valensiyaga miloddan avvalgi 2-asrda asos solingan.