Varaqa

Varaqa — ijtimoiy-siyosiy tashviqot vositalaridan biri. Varaqalar dastlab qo’lda yozilgan, keyinchalik bosma usulidan foydalanib tayyorlangan. Ular muayyan bir maqsadni ko’zlab chiqarilgan. Masalan, 2-jahon urushi yillarida fashizmga qarshi targ’ibotda Varaqa keng qo’llangan. Keyingi yillarda Varaqadan saylov oldi tadbirlarida, bozor iqtisodiyoti sharoitida reklama sifatida foydalaniladi. Varaqalar odamlar gavjum joylarda — metro va boshqa shahar transporti bekatlarida, bozorlarda tarqatiladi. Gazeta va jurnallar, radio, televideniye va boshqa axborot vositalari keng ommalashganligi bois ijtimoiy-siyosiy maqsaddagi Varaqalarga ehtiyoj tobora kamaymoqda.