Vardonze, Varzonze, Vardona, Vardanzi
Vardonze, Varzonze, Vardona, Vardanzi — Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi «qo’rg’oni Vardonze» nomi bilan mashhur yodgorlik (6-19-asrlar). Qo’rg’onning uzunligi 110 metr, kengligi 60-70 metr, balandligi 45-50 metr. Vardonxudotlarning maxsus qarorgohi bo’lgan. Rivoyatlarga ko’ra, Shopurkom (Shopur + kom (ariq)) atamasi sosoniylar shahzodasi Shopur ismidan olingan. Shopur Buxoroga kelib, buxorxudotlan yer olib qasr va qishloq qurdirgan va unga ariq keltirgan. Narshaxiyning yozishicha, bu katta bir qishloq bo’lib, kuhandizga, katta va mustahkam Hisorga ega. U Turkistonning chegarasida joylashgan. U joyda har haftada bir kuni bozor bo’lib savdogarlar ko’p kelar edi. Arablar hujumi arafasida (8-asr boshi) Vardonze Buxorodan alohida mustaqil podsholik poytaxtiga aylangan. Vardonze hukmdori Vardonxudot arablar uchun buxorxudotlardan xavfliroq bo’lgan. 10-asrda Vardonze obod shahar edi. Vardonzeda to’qilgan ka’bapo’sh Makkaga olib borilgan. Akademik Ya. G’ulomovning arxeologik va etnografiya kuzatishlari Vardonzening 19-asr oxirlarigacha obod savdo-hunarmandchilik shaharchasi bo’lib kelganligini ko’rsatadi. 18-20-asr boshlarida Vardonze Buxoro amirligining Shofirkon tumani markazi bo’lgan. 18-19-asrlarga kelib Buxoro amirligi va Xiva xonligi o’rtasidagi ichki nizolardan Vardonze ancha jabrlangan. S. Ayniy guvohlik berishicha, 1880-yillarda Vardonze va uning atroflarini qattiq shamol natijasida kuchli qum bosadi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, Vardonze 20-a.ning boshida ham obod bo’lib, savdo va hunarmandchilik markazi sifatidagi o’z mavqeini saqlab qoldi. Mulla Qurbonjon Fitrai Vardonzehiy Buxoriy (vafoti 1888 yil) Vardonzeda tug’ilib o’sgan bo’lib, tojik va o’zbek tillarida she’rlar yozgan, Buxoroning mashhur qozilaridan biri bo’lgan. Vardonze va uning atroflari Buxoro amirligi, qizil askarlar tomonidan tugatilgach, BXSRda boshlangan mujohidlar harakatining asosiy markazlaridan biriga aylandi (1920-24 yillar). Aholi 1954 yilgacha Vardonze qo’rg’onida yashagan, so’nggi qum bosishdan keyin uni tark etishga majbur bo’lgan. Bugungi kunga kelib Vardonze o’rnida qo’rg’ontepalik mavjud. Qo’rg’onning ustida marmartosh saqlanib qolgan. Hozirgi paytda qo’rg’on atrofi nurab, ancha yemirilib, ayrim joylari o’pirilib ketgan. Bu hududda qo’rg’oni Vardonze, ko’hna vardonze qishloqlari bor. Vardonze davlat tabiat yodgorligi tashkil qilingan. Ad.: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Istoriya at-tabari, T., 1987. Qahramon Rajabov.