Jo’rayev Sherali

Jo’rayev Sherali (1947.3.9, Asaka tumani) — xonanda. O’zbekiston xalq artisti (1987). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1972). O’zbek davlat estradasi (1972-73), «shodlik» ashula va raqs ansambli (1972-79), Andijon viloyati filarmoniyasi (1979-86), O’zbek davlat filarmoniyasi (1986-96), «O’zbeknavo» birlashmasi (1999 yildan) da yakkaxon xonanda. Tabiatan shirali ovozga ega. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qo’shiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi. Jo’rayev repertuari ko’p qirrali va rang-barang. Qo’shiqlari asosini Sharq mumtoz (Navoiy, Bobur, Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy va boshqalar) va zamonaviy (E. Vohidov, A. Oripov va boshqalar) shoirlarning she’rlari tashkil etadi. Kupgina qo’shiqlari kuyini Jo’rayev o’zi yaratadi (jumladan: «Birinchi muhabbatim», «O’zbegim», «karvon», «Achchiq haqiqat», «yaralgan», «Oshiqlar sardori», «inson qasidasi», «oshiq bo’ling» va hokazolar). Ba’zi qo’shiqlarining matnini ham o’zi yozgan: «bobo dehqon», «Zamon», «Qarashlarga», «Ona Turkiston», «Sohibqiron», «do’st bo’lsang, yonimda tur», «qayon ketmoqdasiz?». 1992 yilda O’zteleradiokompaniyasi Jo’rayev ijodiga bag’ishlangan «bir ulug’ el bor jahonda» film-esse yaratgan. Yevropa, Osiyo mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputati (1990-95). Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati (1991). As: bola dunyoni tebratar, T., 1988; San’atim (nashrga tayyorlovchi S. Sayyid), T., 2000.