Jazodan ozod qilish

Jazodan ozod qilish — ba’zi jinoyat qilganlarga jazo tayinlamaslik, tayinlangan jazoni o’tashdan batamom yoki qisman ozod qilish. Jazodan ozod qilish jinoyat huquqining muhim insonparvarlik tamoyillaridan biri bo’lib, shaxsga nisbatan tayinlangan jinoiy jazoni ijro etmasdan ham uni tarbiyalash mumkin, u jamiyat uchun hech qanday xavf tug’dirmaydi yoki jazoning qolgan qismini real ravishda o’tashi maqsadga muvofiq emas, degan qat’iy xulosaga kelinsa qo’llaniladi. O’zbekiston Respublikasi jinoyat huquqiga ko’ra, Jazodan ozod qilish sud tomonidan ayblov hukmi chiqarilib jazo tayinlanganidan keyingina qo’llaniladi. Jinoiy jazodan fakat sud ozod qiladi. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining Prezidentiga afv etish va amnistiya akti orqali Jazodan ozod qilish vakolati berilgan. Jazodan ozod qilish 2 guruhga bo’linadi: 1) jazodan to’la ozod etish; 2) jazodan qisman ozod etish. Jazodan to’la ozod etishda sud ayblov hukmini chiqargan va jazo tayinlangan holda jinoiy jazoni ijro etmaslik haqida qaror qabul qiladi. Bu guruhga Jazodan ozod qilishning quyidagi turlari kiradi: jazoni ijro etish muddati o’tib ketganligi; shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo’qotishi; aybdorning chin ko’ngildan pushaymon bo’lganligi; shartli hukm qilish. Jazodan qisman ozod etishda mahkum sud tomonidan tayinlangan jazoning bir qismini o’taydi hamda jazoning o’talmagan qismidan ozod etiladi yoxud ushbu jazo yengilrog’i bilan almashtiriladi. Bu guruhga quyidagilar kiradi: jazoni o’tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish; jazoni yengilrog’i bilan almashtirish. Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo’qotish oqibatida Jazodan ozod qilish, amnistiya akti yoki afv etish asosida Jazodan ozod qilish xususiyatiga ko’ra, to’la yoki qisman Jazodan ozod qilishga misol bo’lishi mumkin. Bulardan tashqari voyaga yetmaganlarga nisbatan tarbiyaviy xususiyatdagi majburlov choralarini qo’llagan holda Jazodan ozod qilish ham bor. Jazodan ozod qilishning har bir turini qo’llash asoslari O’zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalarida ko’rsatilgan. Mamajon Usmonaliyev.