Jazoir

Jazoir — Jazoir Xalq demokratik Respublikasining poytaxti. Jazoir viloyatining ma’muriy markazi. Aholisi 2,5 million kishi (1998). O’rta dengiz bo’yida joylashgan. Iqlimi subtropik, o’rta dengiz iqlimi, qishi iliq, yozi quruq va issiq. O’rtacha temperatura yanvarda 12°, iyulda 25°; yiliga 700 mm yog’in yog’adi. Jazoirga finikiyaliklar tomonidan miloddan avvalgi 9-asr oxirida Ey-qozi bandargohi sifatida asos solingan, keyinchalik Rimliklar tomonidan Ikozium deb nomlangan. Ikozium vayronalari o’rnida 935 yilda barbar amiri Bologgin ibn ziri yangi shahar bunyod qildi va keyinchalik bu shahar Jazoir deb ataldi. 11-asrdan Jazoir O’rta dengizning yirik savdo porti, 13-asrdan Ispaniyadan quvg’in qilingan Mavr muhojirlari markazi bo’ldi. 16-asrgacha turli davlatlar tarkibida bo’lib kelgan. 16-asrdan Usmonli turklar saltanatiga qaram bo’lgan Jazoirning markazi. 1830 yilda frantsuzlar bosib olgach, 130 yil davomida Frantsiyaning Jazoir mustamlakasining ma’muriy markazi bo’ldi. Jazoirda 2-jahon urushi davrida ittifoqchi davlatlar qo’mondonligining O’rta dengizdagi shtab kvartirasi joylashgan. Jazoir 1962 yildan mustaqil Jazoir davlatining poytaxti. Jazoir — transport yo’llari tuguni, xalqaro aeroport bor. O’rta dengiz bo’yidagi yirik port (yillik yuk ortib tushirish 5,8 million tonna). Mamlakatning iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazi. Mashinasozlik (avtomobil va qishloq xo’jalik mashinalari), metallsozlik, oziq-ovqat (vinochilik, yog’, tamaki, un tortish), kimyo, neftni qayta ishlash, tsement, tsellyuloza-qog’oz, to’qimachilik korxonalari, oyna zavodi, yog’ochsozlik fabrikalari, issiqlik elektr stansiyalari, metropolitan bor. Jazoir Jazoir qo’ltig’i bo’ylab 15 kilometrga cho’zilgan, bog’ va parklar ko’p. Jazoirning qad. qismida qal’a, katta masjid (1096), Sidi Abdurahmon masjid-maqbarasi (1611), jome ul-jadid masjidi (1660), Jazoirning Yevropacha uslubda qurilgan qismida hukumat uyi (1930) bor. 1960 yillardan yangi turar joy binolari qurilgan. Universitet, institutlar, maxsus o’rta oliy o’quv yurtlari, Sahroi Kabir instituti, rasadxona, botanika bog’i, Milliy drama teatri va boshqalar bor. Har yili xalqaro yarmarka o’tkaziladi.