Jazoni yengillashtiruvchi holatlar
Jazoni yengillashtiruvchi holatlar — sodir etilgan jinoyatning va jinoyat sodir etgan shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasini kamaytiruvchi hamda yengilroq jazo tayinlash uchun asos bo’ladigan holatlar. O’zbekiston JK (55-modda)da Jazoni yengillashtiruvchi holatlarning ro’yxati berilgan, u qat’iy bo’lmay, sud aybdorga jazo tayinlash vaqtida mazkur moddada ko’rsatilmagan boshqa holatlarni ham yengillashtiruvchi holat deb hisoblashi mumkin. Masalan, aybdorning qaramog’ida yosh bolalari, qari yoki nogiron ota-onalari borligi Jazoni yengillashtiruvchi holatlar hisoblanadi. Jazoni yengillashtiruvchi holatlar jinoyat tarkibiga kiruvchi belgi bo’lmay, balki undan tashqarida bo’lgan holat hisoblanadi. Shu boisdan Jazoni yengillashtiruvchi holatlar jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir etmaydi, aybdorning qilmishi kvalifikatsiya etilgan moddada nazarda tutilgan jazoning yengilroq turini yoki kamroq qismini tayinlashga asos bo’ladi.