Jo’rayev Asror
Jo’rayev Asror (1911.22.11 — Samarqand — 1983.28.11) — rejissyor va aktyor. O’zbekiston xalq artisti (1950). Maxsus rejissyorlik kursini tugatgan (Moskva, 1939, 1948). Ijodiy faoliyatini «ko’k ko’ylak» havaskorlik truppasida boshlagan. 1930 yildan Samarqand teatrida aktyor, 1933 yildan rejissyor (1940— 44, 1948-57 bosh rejissyor). 1964 yildan Samarqand opera va balet teatrida rejissyor. Aktyor sifatida O’lmas («Yondiramiz»), Egor («oila») kabi obrazlarni yaratgan. Eng yaxshi spektakllari: «Davron ota», «hamshahar yigit», «Nurxon», «Alisher Navoiy», «Shohi so’zana», «Sepsiz qiz», «Nodira» va boshqalar. Shuningdek, «Dilerom» (M. Ashrafiy), «Tohir va Zuhra» (T. Jalilov), «Maysaraning ishi» (S. Yudakov), «Farhod va Shirin» (V. Uspenskiy, G. Mushel) kabi operalarni sahnalashtirgan. Jizzax, Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrlari, Kattaqo’rg’on drama teatri sahnalarida ham spektakllar qo’ygan.