Jinoyat kodeksi

Jinoyat kodeksi (JK) — har qanday ijtimoiy xavfli qilmish jinoyat ekanligini aniqlab beradigan, uni sodir etganlik uchun jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralarini belgilaydigan jinoyat qonunlari majmui. Unda jinoyat qonunining me’yorlari muayyan tizimga solinib, JK shakliga keltirilgan. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro huquqning umum e’tirof etgan me’yorlariga asoslangan holda ishlab chiqilgan. Hozirgi JK 1994 yil 22 sentabrda tasdiqlangan va 1995 yil 1 apreldan amalga kiritilgan. 2 qismdan — umumiy qism va maxsus qismdan iborat, ular yagona jinoyat qonunini tashkil etadi. Umumiy qismda jinoyat qonunining umumiy qoidalari, javobgarlik asoslari, qilmishning jinoiyligini istisno etadigan holatlar, jazo va uni tayinlash, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish, voyaga etmaganlar javobgarligining xususiyatlari, tibbiy yo’sindagi majburlov choralari belgilab berilgan. Maxsus qismda jinoyatlarning turlari va ular uchun tegishli jazolarni tayinlaydigan me’yorlar ko’rsatilgan. Umumiy qismda maxsus qismdagi huquqiy me’yorlarni amalda tadbiq qilish yo’llari bayon etilgan.