Jinoyatda ishtirokchilik

Jinoyatda ishtirokchilik — ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda birgalashib qatnashishi. Jinoyatda ishtirokchilikning bajaruvchi, tashkilotchi, dalolatchi, yordamchi kabi turlari bor. Jinoyatni bevosita sodir etgan shaxs — bajaruvchi, jinoyatga tayyorgarlik ko’rilishiga yoki jinoyat sodir etilishiga rahbarlik qilgan shaxs — tashkilotchi, jinoyat sodir etilishiga qiziqtiruvchi shaxs — dalolatchi, jinoyat sodir etilishiga ko’maklashgan, shuningdek, jinoyatchini jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo’l bilan qo’lga kiritilgan narsalarni yashirishga, shuningdek, bunday narsalarni olish va o’tkazish to’g’risida oldindan va’da bergan shaxs — yordamchi hisoblanadi. Jinoyatda ishtirokchilik oddiy ishtirokchilik, murakkab ishtirokchilik, uyushgan guruh, jinoiy uyushma shaklida bo’ladi, 2 yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi — oddiy ishtirokchilik, oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok etishi — murakkab ishtirokchilik deb topiladi. Ishtirokchilik nafaqat tugallangan jinoyatda, balki shu bilan birga jinoyatga tayyorgarlikda va jinoyat qilishga qasd etishda ham namoyon bo’ladi. O’zbekiston Respublikasi JKda jinoyatda ishtirok etganlik uchun javobgarlik doirasi, Jinoyatda ishtirokchilikning shakllari uchun qo’llaniladigan jazo belgilab berilgan.