Jamilova Gulchehra

Jamilova Gulchehra (1946.2.7, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1992). O’zbekiston xoreografiya bilim yurtini (1964), Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini (1968) tugatgan. Ijodiy faoliyatini «Bahor» davlat xalq raqs ansamblida raqqosalikdan boshlagan. 1966 yildan hozirgi O’zbekiston milliy akademik drama teatrining aktrisasi (1987-91 yillar Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida ishlagan). Jamilova ijodining boshlanish davridayoq silviya («Veronalik ikki yigit»), Aqiqa («Qonli sarob»), kinoda kumush («o’tgan kunlar») rollarini ijro etib, beg’ubor yoshlikka xos maftunkor chiroy, pokiza orzu va intilish hissiyotlariyu, mushkul qismatning fojiali tug’yonlarini tabiiy va ta’sirchan vositalar bilan tasvirladi. Teatrdagi eng yaxshi rollari: Feruza («Mirzo Ulug’bek»), Gulsanam («Abu Rayhon Beruniy»), Ozoda («Imon»), Shakuntala («yo’qolgan uzuk»), Gulchehra («Ko’rmayin bosdim tikonni»), Kamola («Gang daryosining qizi»), Jamila («boy ila xizmatchi»), Zebunniso («Zebunniso»), Dezdemona («Otello»), Oysara («Alla»), Nodirabegim («Fig’on»), Bibixonim («Sohibqiron») va boshqalar. Aktrisa kinoda ham bir qancha rollar ijro etgan: Gulchehra («Qalbingda quyosh»), Giri («Nur va soyalar»), Manzura («shiddat»), Gulnora («ehtiros qurbonlari»), Malkane («Sevgi afsonasi»), Oftoboyim («O’tgan kunlar») kabilar shular jumlasidan. Shuningdek, videofilmlar (Aziza, «imon»; Xadicha, «so’nggi o’q»; Manzura, «Shaytanat»), telefilmlar (Zulayho, «To’lqinlar»; Farida, «Kunda izg’irin» va boshqalar)da ham qismati, tabiati, yoshi bir-biriga o’xshamagan badiiy obrazlar olamini yaratdi.