Jamoa xo’jaligi

Jamoa xo’jaligi — mulkiy pay va jamoaviy mehnat asosida ixtiyoriy uyushgan kishilarning shirkat (sheriklik) tashkiloti; xo’jalik yuritish shakli. Jamoa xo’jaligining bir qancha turlari bor va ular turli mamlakatlarda turlicha nomlanadi. Sho’rolar hukumatining dastlabki tiklanish davrida qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini kollektivlashtirish maqsadida (1-bosqich) 1918-20 yillarda yerlarni hamkorlikda ishlovchi sherikchilik maqomidagi xo’jalik yuritish shakllari (shirkatlar) tashkil etilgan. Ularning a’zolari o’zlarining ishlab chiqarish buyum va vositalarini faqat u yoki bu mehnat jarayonini bajarish davrida jamoa ishiga qo’shgan, boshqa paytda esa o’z tasarruflarida saqlagan. Olingan daromad mahsulot holida ishlab chiqarish jarayoniga jalb etilgan vositalarga nisbatan taqsimlangan. A’zolarning bevosita mehnatda ishtiroki va ulushining hisobga olinmasligi kabi sabablar mazkur ishlab chiqarishni tashkil etish shaklini takomillashtirishni taqozo etdi. Natijada kommuna shaklidagi xo’jaliklar tuzildi (ularning mol-mulki a’zolari ixtiyoridagi ishlab chiqarish vositalarining birlashtirilishi asosida paydo bo’ldi). Har bir a’zo ulushi qo’shilgan buyum va vositalarning qiymatlarini aniqlash asosida har bir a’zoga tegishli mulkiy pay bilan belgilangan hamda shunga muvofiq yil yakuni bo’yicha olingan daromad taqsimlangan. Keyingi bosqichda tashkil etilgan qishloq xo’jalik artellarida mulkiy pay miqdorini aniqlashda a’zolar mulki qiymatidan tashqari ularning mehnatdagi bevosita ishtiroklari ham e’tiborga olinadigan bo’ldi. Keyinchalik ichki ishlab chiqarish va iqtisodiy usul hamda tamoyillarga tegishli o’zgartirishlar kiritish asosida qishloq xo’jalik artellari kolxozlarda aylantirildi. Jamoa xo’jaligining keyingi rivojlanish bosqichlarida sobiq Ittifoqning nomukammal iqtisodiy siyosati tufayli kolxozlarda paychilik tamoyillariga barham berildi va yaratilgan mol-mulklar umumjamoa mulki sifatida (o’sha davr qonunchilik xujjatlarida) belgilab qo’yildi. Shunga asosan umumjamoa mulki Jamoa xo’jaligi yuritishning moddiy, namunaviy ustav esa huquqiy asos bo’lib qoldi. O’zbekistonda 1990-yillar boshidan sobiq kolxozlar o’rnida faoliyat ko’rsatayotgan Jamoa xo’jaligida a’zolarning umumiy yig’ilishi boshqaruvning oliy organi hisoblangan. Biroq umumiy yig’ilish Jamoa xo’jaligi a’zolarining ishtirokida o’tkazilsada, aslida aloxida a’zo xo’jalik faoliyati yuzasidan qabul qilinadigan tegishli qarorlar bo’yicha hal etuvchi ovozga ega bo’lmagan. Umumiy yig’ilishlar oralig’ida xo’jalikni yuritish bilan bog’liq masalalarni hal etish boshqaruv tomonidan amalga oshirilgan. Boshqaruvga va hamma ishga rais rahbarlik kilgan. Bozor iqtisodiyotiga o’tish bosqichida O’zbekistonda Jamoa xo’jaligi ham shaklan, ham mazmunan xo’jalik yuritishning bozor usuli va tamoyillariga mos emasligi ma’lum bo’lib qoldi. 1998 yil 30 aprelda O’zbekiston Respublikasining «Qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi) to’g’risida» qonuni qabul qilindi. Respublika hukumatining 1998 yil 15 iyuldagi 299-sonli «qishloq xo’jaligini isloh qilishga oid qonun hujjatlariga muvofiq qishloq xo’jaligi kooperativlari (shirkat xo’jaliklari) tuzish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qaroriga asosan barcha Jamoa xo’jaligi shirkat xo’jaliklariga aylantirila boshlandi. O’zbekistonda 1754 shirkat xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi (2000). Jamoa xo’jaligini shirkat xo’jaliklariga o’zgartirish mulkiy pay va oila nydpamura asoslangan bo’lib, maqsad qishloqda mulkdorlar sinfini yaratish, ularning mulkiy huquqlarini qayta tiklash va himoya qilish, bozor iqtisodiyoti talab va usullariga javob beradigan xo’jalik yuritish shaklini rivojlantirish maqsadlarini ko’zlaydi. Qurbon Choriyev.