Jinnidaryo

Jinnidaryo — Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Daryo, Qashqadaryoning chap irmog’i, boshlanishida Zo’g’atasoy deb ham nomlanadi. Zarafshon va Hisor tog’ tizmalarini tutashtiruvchi Shertog’ning g’arbiy yon bag’irlari (2500 metr) dan oqib tushuvchi 100 dan ortiq irmoqning qo’shilishidan hosil bo’ladi. G’arbiy yo’nalishda oqadi. Uzunligi 57 kilometr, havzasining maydoni 367 km2. Qor, yomg’ir va buloq suvlaridan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi 1,35 m3/sek (Jovuz qishlog’i yaqinida). Yillik oqimining 56% bahorgi to’linsuv davri (mart— iyun)da oqib o’tadi. Suv eng ko’p bo’ladigan oy — apreldagi o’rtacha suv sarfi 3,30 m3/sekundga yaqin. Jala yoqqan paytlarda Jinnidaryodan sel keladi, bu vaqtda suv sarfi sekundiga 46,2 m3 gacha (26.3.1970) ortadi.