Julfa

Julfa — Ozarbayjonning Naxichevan Muxtor Respublikasidagi shahar (1948 yildan). Arake daryosi chap sohilida. Boku—Yerevan yo’nalishidagi temir yo’l stantsiyasi (shu yerdan Tabriz shahriga temir yo’l liniyasi va shosse yo’l o’tkazilgan). Aqolisi 9 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Julfa — qadimgi shaharlardan. 16-asrdan, xalqaro ipak savdosi markazlaridan biri bo’lgan. Venesiya, Genuya, Amsterdam kabi G’arbiy Yevropa shaharlari bilan savdo qilgan. Shaharda 17-asr boshlarida 20 mingdan ortiq aholi yashagan. 1605 yil Eron shohi Abbos I ipak savdosini poytaxtga ko’chirish maqsadida Julfaning savdo va hunarmand ahlini Isfahon atrofiga ko’chirgan. 1828 yilda Julfani Rossiya bosib olgan. Oziq-ovqat sanoati korxonalari, asfalt zavodi bor. Guliston maqbarasi (13-asr boshi), o’rta asr me’moriy yodgorliklari xarobalari, karvonsaroylar saqlangan.