Jinsiy sovuqlik, frigidlik
Jinsiy sovuqlik, frigidlik — seksual ta’sirotga javoban erotik hisning sustligi. Jinsiy sovuqlik deganda ayollar xulq-atvoridagi xatti-harakatlar, jumladan, jinsiy maylning susayishi va jinsiy qoniqish — xush yoqish (orgazm) sezgisining aynishi tushuniladi. Jinsiy sovuqlikning bir necha xili tafovut qilinadi: birlamchi (konstitusional) — Jinsiy sovuqlik jinsiy maylning norasoligi tufayli yuzaga keladi; retardasion Jinsiy sovuqlik — seksual hisning yoshga mos holda rivojlanmasligi; psixogen Jinsiy sovuqlik, bunda Jinsiy sovuqlikka psixik omillar sabab bo’ladi; simptomatik Jinsiy sovuqlik — asabiy, ruhiy yoki boshqa biror kasallik natijasida ro’y beradi; endokrin Jinsiy sovuqlik jinsiy bezlarning kam-ko’stligi yoki endokrin kasalliklar (diabet, gipotireoz, Bazedov kasalligi) sabab bo’ladi; genital — reseptiv Jinsiy sovuqlik — jinsiy a’zolarning jiddiy kasalliklarida kuzatiladi; jinsiy diskomfort — ayolning jismoniy yoki ruhiy ojizligi tufayli ro’y beradi; Jinsiy sovuqlikning aralash xili yuqorida keltirilgan omillarning turli ko’rinishlari tufayli sodir bo’ladi. Jinsiy sovuqlikni davolash ko’pincha yaxshi natija beradi. Har qanday holatda ham vrach seksopatolog bilan maslahatlashib, uning ko’rsatmalariga amal qilish lozim. Ad.: Xodakov N. M., Yosh kelin-kuyovlarga [2-nashri], T., 1986; Salimov E., Lazzatlanish san’ati, T., 1997.