Jeriko (Gericault) Teodor
Jeriko (Gericault) Teodor (1791.26.9, Ruan — 1824.26.1, Parij) — frantsuz rassomi va grafigi; frantsuz rassomlik san’atida romantizm asoschisi. K. Berne (1808-10) va P. Geren (1810— 11)da ta’lim olgan, A. Grodan ilxomlangan. Jeriko frantsuz san’atida ilk bor romantizmga xos bo’lgan dunyo qarama-qarshiliklarini o’tkir his etishni ifodalagan, davrining muhim hodisa va kuchli tuyg’ularini jo’shqin gavdalantirishga intilgan: «hujumga borayotgan Imperator gvardiyasi egerlari ofitseri» (1812), «jang maydonini tark etayotgan yarador Kirasir» (1814) va boshqalar. Italiya (1816-17), Buyuk Britaniya (1820-22) va boshqalarda ijodiy safarlarda bo’lgan, Italiya klassisizmi (ayniqsa, Mikelanjelo) ta’sirida Jeriko asarlarida umumlashma shakl va mahobatlilik, rasmining aniqligi ortdi («Rimda ozod otlarning chopishi», 1817), dolzarb mavzudagi «Meduza Soli» (1818 — 19) asarida inson tuyg’ularining murakkab uyg’unligi tasvirlangan; «20 yashar Delakrua portreti» (1819) va avtoportretlarida romantik rassom qiyofasini ifodalagan; maishiy lavhalar, manzaralar yaratgan. Jeriko ijodi 19-asr o’rtalarida yashagan realist rassomlarga ta’sir ko’rsatgan.