Jaloyiriylar davlati
Jaloyiriylar davlati (1336— 1411) — Hulokuiylar davlati yemirilgach, Iroq hududida tuzilgan davlat. Unga jaloyirlardan Shayx Hasan Buzurg (1356 y. vafot etgan) asos solgan. Taxt uchun kurashda u chuponiylarni yengib, qokimiyatni egallagan va Bag’dodni poytaxt qilgan. Jaloyiriylar davlatida hukmronlik qilgan sulola jaloyiriylar deb nomlangan. Jaloyiriylardan Uvays I davrida (1356-74) bu davlat juda yuksalgan. U Muzaffariylar, Oltin O’rda xoni To’xtamish va qora ko’yunlilar bilan urush olib borgan. Kurdiston, Ozarbayjon, Tabriz (1358), Mavsil, Diyorbakr (1365) Jaloyiriylar davlatiga qo’shib olingan. Poytaxt Tabrizga ko’chirilgan. Uvays I ning o’g’li Sulton Ahmad davrida (1382-1410) Amir Temur shim. Eron, Armaniston (1384-87), Bag’dod, Mesopotamiya, Diyorbakr (1393) ni egallagan. Amir Temur vafoti (1405) dan so’ng Sulton Ahmad Bag’dodni qo’lga kiritgan. Jaloyiriylardan Shoh Valad qora qo’yunlilar Bag’dodni egallagunlariga qadar (1411) hokimiyat tepasida turgan, Sulton Ahmadning keyingi avlodlari Shohruxga tobe bo’lgan holda Vosit, shustar va Basra mulklariga egalik qilgan. 1432 yil jaloyiriylardan bo’lgan so’nggi hukmdor Hasan II qora qo’yunlilar tomonidan o’ldirilgan.