Jamoa kelishuvi
Jamoa kelishuvi — muayyan kasb, tarmoq, xudud xodimlari uchun mehnat shartlari, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy kafolatlar belgilash borasidagi majburiyatlarni o’z ichiga oladigan me’yoriy hujjat. Xodimlar bilan ish beruvchilarning mehnatga oid munosabatlarini tartibga solish, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini muvofiqlashtirishga yordam berish maqsadida tuziladi. Har qaysi taraf Jamoa kelishuvini tuzish va o’zgartirish yuzasidan muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqishga haqlidir. Kasaba uyushmasi, xodimlarning boshqa vakillik organi o’zlarini vakil qilgan xodimlar nomidan muzokara yuritish, Jamoa kelishuviga o’zlarini vakil qilgan xodimlarning manfaatlarini himoya qiluvchi ilova kiritishni taklif etish va uni imzolashga haqlidir. Jamoa kelishuvini tuzish, o’zgartirish va to’ldirish uchun ish beruvchi, ish beruvchilar birlashmasi (ularning vakillari) bilan kasaba uyushmalari yoki xodimlarning boshqa vakillik organlari o’rtasida muzokara o’tkaziladi. Zarur hollarda unda ijrochi hokimiyat organlari qatnashadi. Muzokara yuritish va Jamoa kelishuvi loyihasini tayyorlash uchun taraflar teng huquqlilik asosida tegishli vakolatlarga ega bo’lgan vakillardan iborat komissiya tuzadi. Jamoa kelishuvini ishlab chiqish va tuzish tartibi, muddatlari komissiya tomonidan belgilanadi va uning qarori bilan rasmiylashtiriladi, komissiya ishlab chiqqan loyiha kelishuv qatnashchilarining vakolat berilgan vakillari tomonidan imzolanadi va ilovalari bilan 7 kunlik muddat ichida kelishuv ishtirokchilariga, shuningdek, bildirish ro’yxatidan o’tkazish uchun O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tegishli organlariga yuboriladi. Jamoa kelishuvi mazmunini taraflar belgilaydi. Jamoa kelishuvida mehnatga haq to’lash, mehnat shartlari, uni muhofaza qilish, mehnat va dam olish tartibi; xodimlarning ishga joylashishiga, ularni qayta o’qitishga ko’maklashish; xodimlar hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish bo’yicha maxsus tadbirlar; davlat korxonalarini xususiylashtirish chog’ida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish; nogironlar va yoshlar (shu jumladan 18 yoshga to’lmagan shaxslar) mehnatidan foydalanish maqsadida ular uchun qo’shimcha ish joylari tashkil etuvchi korxonalarga beriladigan imtiyozlar va hokazolar nazarda tutilishi mumkin. Jamoa kelishuviga uning o’zida belgilangan tartibda taraflarning o’zaro roziligi bilan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritiladi, u imzolangan paytdan yoki kelishuvda belgilangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi, uning amal qilish muddati taraflar tomonidan belgilanadi va uch yildan oshib ketmasligi lozim. Barcha pog’onadagi jamoa kelishuvlarining bajarilishi bevosita taraflar yoki ular vakolat bergan vakillar, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tegishli organlari tomonidan tekshirib turiladi. Tartibga solinadigan munosabatlar sohasi, hal qilinadigan masalalarning xususiyatlariga qarab, bosh, tarmoq va hududiy (mintaqaviy) Jamoa kelishuvi tuzilishi mumkin.