Jangi loy, loy jangi
Jangi loy, loy jangi — Amir Temur va Amir Husayn ibn Musallabning Jeta (Mo’g’uliston) xoni Ilyosxo’jaga qarshi jangi (Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»siga ko’ra 1360 yil 16 iyunda, Sharafiddin Ali yazdiyning «Zafarnoma»siga binoan esa 1365 yil 22 mayda bo’lib o’tgan). 1361 yil Amir Temur va Amir Husayn mo’g’ullar istilosiga qarshi bosh ko’tarib, 3 yil davom etgan janglardan so’ng, nihoyat 1364 yil oxirida ularni Movarounnahr hududidan quvib chiqarishga muvaffaq bo’lishadi. Biroq, 1364 yil bahorida Ilyosxo’ja Movarounnahrga katta qo’shin bilan yurish qiladi. Shunda Amir Temur va Amir Husayn Toshkent bilan Chinos oralig’ida, Chirchiq daryosi bo’yida unga qarshi lashkar to’playdi. Ilyosxo’ja Konibodom tomonidan ularga yaqinlashib kelgach, ikki taraf lashkarlari qarama-qarshi saf tortadi. Amir Husayn qo’shinning barang’arshta, uning qunbuliga esa arlot qabilasidan Tilonchi, hirovuliga O’ljaytu qo’mondonlik qiladi. Juvang’arta Amir Temur, uning qunbuliga qipchoq qavmidan sori Bug’o, hirovuliga temir Xo’ja o’g’lon bosh bo’ladi. G’ulyaa Joku, Sayfuddin, Murod, Abbos Bahodir kabi atoqli Amir va beklar jangga hozir turadi. Amir Temur va Amir Husaynning Birlashgan bu qo’shini son jihatdan dushman lashkaridan ancha ko’p edi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, shunda Ilyosxo’ja halol jangda g’olib kelolmasligini payqab, bir hiyla ishlatadi: yadachi yada toshi yordamida kuchli jala yog’diradi. Natijada jang maydoni loylanib, Amir Temur va Amir Husayn qo’shini mushkul ahvolda qoladi, kiyim-kechak, qurol-yarog’lar shu darajada namiqib ketadiki, otliqning ham, piyodaning ham qimirlashga majoli etmaydi (shu bois bu jang tarixda Jangi loy nomi bilan mashhur). Ilyosxo’ja lashkari esa kigiz yopinib, o’zlarini yomg’irdan pana qiladilar. Shunday og’ir sharoitga qaramay, Amir Temur dushmanning barang’ariga qattiq zarba beradi. Lekin, shu asnoda dushman qo’shinining qunbuli Tilonchi etakchiligidagi qunbuldan ustun kelib, uni Amir Husayn boshchiligidagi juvang’argacha quvib boradi. Amir Husayn askarlari sarosimaga tushib, qocha boshlaydi. Qo’shinning o’ng qanotidagi bu xatarli vaziyatni ko’rgan Amir Temur o’z qo’l ostidagi navkarlar bilan dushmanning Amir Shamsuddin boshchiligidagi juvang’ariga kuchli zarba berib, uni to’zitib yuboradi. So’ng, u Amir Husaynga chopar yuborib, qo’lga kiritilgan g’alabani mustahkamlash uchun dushmanning asosiy kuchlariga birgalikda hujum qilish lozimligini ma’lum qiladi. Ammo, Amir Husayn bunga ko’nmaydi. Ertasi ertalab yana jang boshlanib, Ilyosxo’ja qo’shini engiladi. Amir Temur va Amir Husayn uni quvib ketayotib, Amir Shamsuddin boshchiligidagi juvang’ardan ajralib qolgan mo’g’ullar to’dasiga duch kelib, ular bilan jang qilishga majbur bo’ladi. Shunda dushman parokanda navkarlarini to’plab, qayta tartibga keltirishga muvaffaq bo’ladida, tashabbusni o’z qo’liga olib, kuchli zarba bilan Amir Temur va Amir Husayn qo’shinini ikkiga ajratib yuboradi va g’alaba qozonadi. 10 mingdan ortiq askaridan ayrilgan Amir Temur va Amir Husayn Kesh tomon chekinadi. Ad.: Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1994; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Dadaboev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996. Hamidulla Dadaboev.