Joynamoz

Joynamoz — namoz o’qiladigan to’shama. Joynamoz ibodat vaqtida kishini bu dunyodan ajratuvchi omil, deb tasavvur qilinadi. Joynamoz ustida namoz o’qish ilk Islom davrida keng tarqalmagan, yerda, bo’yrada ham o’qilavergan. Joynamoz bo’lmagan taqdirda turli pokiza buyumlar (chopon, ro’mol, sholcha, qiyiq, mato va boshqalar)dan Joynamoz sifatida foydalanish mumkin. Hozirda Joynamoz keng ko’lamda qo’llanilishidan qat’i nazar, zarurat taqozo qilgan paytlarda pok tuproq yoki o’tloq ustida ibodat qilish mumkinligi nazarda tutilishi lozim. Joynamoz atamasi Qur’onda tilga olinmagan. Joynamoz tayyorlash musulmon mamlakatlarida amaliy san’atning an’anaviy yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Joynamoz matodan to’rtburchak shaklida tayyorlanadi, kashtalar tikib bezatiladi. Kashta mujassamoti mehrob shaklida hoshiyalangan islimiy naqshlardan iborat. Matodan bezaksiz tayyorlangan Joynamozning bosh tomoniga ramziy mehrob shakli tikiladi, namoz o’qish paytida bu shakl Makka (qibla) tomonga qaratiladi. Hozorgo paytda turli hajmda gilam Joynamozlar ham tayyorlanmoqda.