Jigariston surilmasi
Jigariston surilmasi — Toshkent viloyatining Angren tumani Jigariston qishlog’idagi surilma. 1991 yil 4 mayda soat 6 dan 45 minut o’tganda sodir bo’lgan. Jinslarning surilishi 1969 yilda hosil bo’lgan darzlik bo’yicha 170 ming m3 hajmda, 35-40° qiyalikda, 140 metr balandlikda ro’y bergan. Darzlikning rivojlanishi bir necha yil davom etgan. Natijada u tsirk shaklini olgan, yon chegaralari aniq ko’rinishda bo’lib surilmaning yuqori qismi 0,5 metrga cho’kkan. 1-may kuni yuz bergan yer silkinishi, kar’yerdagi portlatish va yomg’ir suvlarining surilma qatlami ostida to’planishi jarayonni tezlashtirgan. Surilish nihoyatda tez sur’atda kechgan, natijada aholi orasida qurbonlar bo’lgan. Surilgan tuproqning qalinligi ba’zi joylarda 20 metrga yetgan. Jigariston qishlog’ining surilma ostida qolgan qismi shahidlar qabristoni deb nomlandi. Jigaristonlik bir qancha oila boshpanasiz qoldi. Tabiiy ofatdan jabr ko’rgan axoli uchun qisqa muddat ichida davlat tomonidan xavfsiz joyda yangi Jigariston shaharchasi qurildi.