Jamoat birlashmalari
Jamoat birlashmalari — Fuqarolarning qonunda belgilangan tartibda ro’yhatdan o’tkazilgan birlashmalari. O’zbekiston Respublikasida Jamoat birlashmalari sirasiga kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, faxriylar va yoshlarning tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa birlashmalari kiradi. Jamoat birlashmalari — xalq tashabbuskorligi, ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishining namoyon bo’lishi, demokratiya va huquqiy davlatning tarkibiy qismi, fuqarolik jamiyatiga xos turmush shaklidir. Jamoat birlashmalari quyidagi maqsadlarda tuziladi: kishilarning fuqarolik, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi huquqlari hamda erkinliklarini amalga oshirish va himoya qilish, davlat va jamoat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirish, kasb va havaskorlikka oid qiziqishlarini qondirish, ilmiy-texnik va badiiy ijodkorlikni rivojlantirish, aholi salomatligini saqlash, xayriya ishlarida qatnashish, kasb, madaniyat, sog’lomlashtirish, jismoniy tarbiya va sport, tabiatni, tarixiy va madaniy yodgorliklarni muhofaza etish sohasida tadbirlar o’tkazish, fuqarolarni Vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro aloqalarni kengaytirish va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa sohalarda faoliyat yuritish. Jamoat birlashmalari haqidagi qonun-qoidalar O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi XIII bobida va «O’zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to’g’risida»gi (1991 yil 15 Fevral) qonunda belgilab berilgan. Ularda ta’kidlanishicha, davlat Jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, Jamoat birlashmalarida ishtirok etish uchun barchaga teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning Jamoat birlashmalari faoliyatiga, Jamoat birlashmalarining esa davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashuviga yo’l qo’yilmaydi.