Janubiy Xitoy dengizi
Janubiy Xitoy dengizi — Tinch okean g’arbidagi yarim yopiq dengiz. Janubiy-Sharqiy Osiyo sohili bilan Tayvan, Luson, Palavan va Kalimantan orollari oralig’ida. Maydoni 3537 ming km2; hajmi 3622 ming km3. Chuqurligi Janubiy-g’arbida 200 metr, shimoliy-Sharqda 5560 metrgacha, o’rtacha chuqurligi 1140 metr. Janubiy Xitoy dengiziga Sintszyan, Xongxa, Mekong, menam va boshqalar daryolar quyiladi. Qirg’og’i ancha tekis. Yirik qo’ltiqlari: Bakbo (tonkiy) va Siyom. Eng yirik oroli — Xaynan. Mayda orollarning ko’pchiligi marjon orollardir. Suv osti zilzilalari va vulqon otilishlari bo’lib turadi. Iqlimi subekvatorial iqlim. Qishda shimoliy-Sharqiy, yozda Janubiy va Janubiy-g’arbiy shamollar esadi. Yoz va kuzda tez-tez tayfunlar bo’lib turadi. Dengiz suvining o’rtacha temperaturasi fevralda 20-28°, avgustda 28-29°. Sho’rligi 32— 34°/00. Yog’ingarchilik yiliga 2000-2500 mm. Suv qalqishi 5,9 metrgacha. Baliq va boshqa dengiz hayvonlari ovlanadi. Yirik portlari: Bangkok, Xoshimin, Syangan, Guanchjou, Shantou, Xayfon, Manila. Janubiy Xitoy dengizidan muhim xalqaro dengiz yo’llari o’tgan.