Janubiy Qozog’iston viloyati
Janubiy Qozog’iston viloyati — Qozog’iston Respublikasi Janubidagi viloyat. 1932 yil 10 martda tashkil etilgan (1962-64 yillarda Janubiy Qozog’iston o’lkasining bir qismi, 1964 yildan 1992 yil 6 maygacha Chimkent viloyati). Maydoni 117,3 ming km2. Aholisi 2018 ming kishi (2000), asosan qozoqlar va o’zbeklar, shuningdek, rus, ukrain, tatar, Ozarbayjon, tojik va boshqa millat vakillari yashaydi. Markazi — Chimkent shahri. Janubiy Qozog’iston viloyati Turon past-tekisligining Sharqiy qismi va Tyanshanning g’arbiy tarmoqlarida joylashgan. Hududining ko’p qismi tekislik (balandligi 200— 300 metr). Chekka Janubda Mirzacho’lning shimoliy qismi, shimolda Betpakdala cho’li bor. Viloyatning Markaziy qismida Qoratov tizmasi (eng baland joyi 2176 metr), Janubi-sharqida Talas Olatovining g’arbiy chekkalari, Qorjontov (2824 metr) va Ugom (4238 metr) tizmalari qad ko’targan. Iqlimi keskin kontinental. Yozi issiq va quruq, qishi qisqa, iliq, qor kam yog’adi. Iyulning o’rtacha temperaturasi shimol va Janubi-g’arbida 28°, Janubi-sharqida 16— 24°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi shimolda — 9°, Janubda -2°. Yiliga 100-400 millimetrdan 1000 millimetrgacha yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 230-290 kun. Yirik daryosi — Sirdaryo va uning irmoqlari Keles, Quruqkeles, Aris. Shimolda Chu daryosi oqib o’tadi. Sirdaryoda Chordara suv ombori qurilgan. Do’stlik, Aris va Turkiston magistral irrigasiya kanallari mavjud. Sirdaryo qayirida chuchuk suvli ko’llar, Chu daryosi quyi oqimida sho’r ko’l ko’p. Tekisliklarda qumli va qumoq-qo’ng’ir va bo’z-qo’ng’ir tuproqlarda boshoqli shuvoq hamda sho’ra, qora va oq saksovul, yulg’un o’sadi. Sirdaryo va Chu daryolari qayirida o’tloq, sho’rlangan tuproqlarda qamish o’sadi. Tog’larda vertikal mintaqalar — cho’l zonasidan Alp o’tloqlari va muzliklargacha uchraydi. Cho’lda kemiruvchilar (yumronqoziq, qumsichqon, qo’shoyoq), tog’larda tog’takasi va tog’qo’yi (arxar), qoplon, ayiq, qushlardan tasqara, to’qaylarda bo’ri, tulki, oq sichqon, sassiqko’zan, qobon, qirg’ovul, ko’llarda g’oz, o’rdak, cho’lda sudraluvchilardan ilon, toshbaqa, kaltakesak yashaydi. Viloyat iqtisodida kon sanoati va qishloq xo’jaligi xom ashyolarini qayta ishlash sanoati bilan birga intensiv obikor dehkonchilik va chorvachilik rivojlangan. Energetikasi asosan tabiiy gaz (O’zbekiston), toshko’mir (Qarag’anda), mahalliy qo’ng’ir ko’mir (Langar) va mazutda ishlaydi. Kon sanoati (Kentov shahri va Achisoy hamda Bayjonsoy shaharchalarida polimetall konlari va boyitish fabrikalari), rangli metallurgiya (Chimkentda qo’rg’oshin eritish fabrikasi), mashinasozlik (pressavtomatlar, kardan vallari, Avtotraktor detallari ishlab chiqarish, ekskavator zavodlari), kimyo va farmasevtika (chorva mollariga beriladigan antibiotiklar, fosforli tuzlar zavodlari), yengil (ip gazlama kombinati, paxta tozalash va Qorako’l teri zavodlari, paypoq-trikotaj, tikuvchilik, poyabzal fabrikalari), oziq-ovqat (moy ekstraktsiya, sut va meva konserva, vino zavodlari) sanoati tarmoqlari rivojlangan. Tsement, g’isht, keramzit, neftni qayta ishlash zavodlari bor. Janubiy Qozog’iston viloyati obikor dehqonchilik, paxtachilik, tokchilik va bog’dorchilik rayoni. Qishloq xo’jaligida g’alla ekinlari, texnika ekinlari, yem-xashak ekinlari, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. Tokchilik va bog’dorchilik rivojlangan. Chorvachilikda yaylov qorako’lchiligi, mayin junli va go’sht-moy qo’ychiligi, go’sht-sut qoramolchiligi rivojlangan. Qo’y, echki, qoramol, yilqi, tuya va parranda boqiladi. Toshkent—Aris — Orenburg, Olmaota— Aris—Orenburg temir yo’l magistralining bir qismi o’tgan. Muhim avtomobil yo’llari: Chimkent— Toshkent, Chimkent—Taroz, Chimkent— Turkiston— Qizilo’rda, Avialiniyalar Chimkentni Toshkent, Moskva, Bishkek, Olmaota, shuningdek, viloyat tumanlari bilan bog’laydi. Janubiy Qozog’iston viloyatida oliy o’quv yurtlari, 2-teatr, o’lkashunoslik muzeyi, Sariog’och balneologik kurorti bor.