Janubiy olamushuk neft koni
Janubiy olamushuk neft koni — Andijon shahridan 27 kilometr Sharqda Xo’jaobod tumanida joylashgan neft koni. Konda geologik s’yomka ishlari 1933 yilda boshlangan, kon strukturasi ham 1933 yilda aniqlangan. Qidiruv ishlari 1943 yilda boshlanib, 1944 yil birinchi burg’i qudug’ida paleogen yotqiziqlaridan neft topilgan. 1945 yil kon foydalanishga topshirilgan. Konda chuqur burg’i qudug’i kovlanib neogen, paleogen, bo’r, yura davri va paleozoy erasi yotqiziqlari ochilgan. Neogen davri jinslari och jigarrang, och pushti, qo’ng’ir rangli giltosh va konglomerat qatlamlaridan iborat. Ularning o’rtacha qalinligi 665 metr. Paleogen davri yotqiziqlari orasida ohaktosh, qumtosh va boshqa jins qatlamlari bo’lib, o’rtacha qalinligi 450 metr. Bo’r davri yotqiziqlarining qalinligi 1400 metr bo’lib, o’zaro takrorlangan qumtosh, giltosh, ohaktosh, gips qatlamlaridan iborat. Yura davri yotqiziqlari ham o’zaro takrorlanuvchi qumtosh va gil qatlamlaridan tashkil topgan, umumiy qalinligi 120-130 metr. Tektonik jihatdan Janubiy Olamushuk strukturasi Andijon guruhi tepaliklariga mansub bo’lib, Farg’ona botig’ining Janubda. Kon Janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan, uzunligi 13 kilometr, eni 5 kilometrli antiklinal burmada. Janubiy olamushuk neft konida neftga boy gorizontlar neogen, paleogen va yura yotqiziqlarida joylashgan. Ayrim Burgi quduqlaridan sutkada 25 tonnagacha neft olingan (1969). Janubiy olamushuk neft konida 3-, 5-, 6-, 7-gorizontlar neftga boy. Har bir gorizontning qalinligi 25-30 metr. Yura yotqiziqlaridagi asosiy mahsuldor gorizontlardan biri 26-gorizontdir. Bu gorizont qumtoshlardan tashkil topgan. Bo’r yotqiziqlarida neft boshqa yotqiziqlarga nisbatan kam. Konning nefti yengil, sof og’irligi 0,823—0,833, oltingugurt 0,013—0,27%, ko’p smolali (10— 16%), parafinning miqdori 1,76 dan 8,2% gacha. Asfaltenlar 0,2 dan 0,7% gacha, koks 0,25—2,1%. Gazning miqdori 5,4 dan 24% gacha, zichligi 0,632— 0,823, oltingugurt kam (0-0,04%), azot ko’p (10-52,3%), metanning miqdori 38- 68%. Janubiy olamushuk neft koni 1996 yilgacha ishlagan. 2 ta quduqdan texnik suv, 6 ta quduqdan Artezian suvi olinmoqda.