Jigar

Jigar — hazm bezi. Odam va hayvonlarda ovqatning hazm bo’lishi va so’rilishida qatnashadi, yog’va uglevodlarni zaxiraga yig’adi. Xordali hayvonlar va odamda Jigar — murakkab, hayot uchun muhim a’zo. Baliq va amfibiyalarda Jigar sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilardagiga nisbatan kattaroq; yirtqich hayvonlarda o’txo’r hayvonlarnikiga nisbatan katta. Jigar shakli hayvonning gavda tuzilishiga bog’liq. Odamda Jigar — organizmdagi eng katta bez (vazni 1200-2200 gramm). Qorin bo’shlig’ida, diafragmaning tagida, o’ng qovurg’alar va qisman chap qovurg’alar ostida yotadi. Rangi qizg’ish-qo’ng’ir, kattaroq o’ng bo’lagi bilan kichikroq chap bo’lagi bor. O’rta qismining pastki yuzasidagi ko’ndalang chuqurcha Jigar darvozasi yoki qopqasi deb ataladi. Shu joydan Jigarga arteriya, darvoza venasi, nervlar kiradi va Jigarning o’t yo’li, jigar venasi chiqadi. Bu o’t yo’li o’t pufagidan chiqqan yo’lga qo’shilib, o’n ikki barmoq ichakka quyiladigan umumiy o’t yo’lini hosil qiladi. Jigar organizmning Markaziy biokimyoviy laboratoriyasi bo’lib, turli-tuman funktsiyalarni bajaradi; Jigar bo’lmasa, odam, hayvon yashay olmaydi. Jigar bir sutkada 600-700 gramm o’t (safro) ishlab chiqarib, ovqat hazm bo’lishida va oziq moddalarning ichakdan qonga so’rilishida muhim rol o’ynaydi; oqsillar, yog’lar va uglevodlar almashinuvida qatnashadi; bundan tashqari, moddalar almashinuvida hosil bo’ladigan yoki tashqaridan kirgan zaharli moddalarni zararsizlantirib, himoya funktsiyasini bajaradi. Jigarning maxsus yulduzsimon hujayralari fagositozga va anti-telolar hosil qilishga qodir. Jigar qonni yig’ib tura oladi. Jigar embrional rivojlanishda qon elementlari va gemoglobin hosil qilishda ham ishtirok etadi. Organizmdagi jami qonning 1/5 qismi Jigar tomirlariga sig’ishi mumkin. Qondagi ortiqcha suv qisman Jigarda ajralib chiqib, o’t va limfa hosil bo’lishiga ketadi. Jigar o’tni uzluksiz ishlab, o’zining o’t yo’li orqali chiqaradi; o’n ikki barmoq ichakka o’t kirishi ovqatlanish vaqtida boshlanib, me’da ovqatdan bo’shamaguncha davom etadi. Boshqa vaqtda esa umumiy o’t yo’lining halqasimon muskuli (sfinkteri) qisqarib, shu yo’lning teshigini berkitib turadi. Jigarda hosil bo’ladigan o’t pufagiga kirgach, quyulib qorayadi, chunki undagi suv va qisman boshqa ba’zi moddalar o’t pufagi devoridan qonga o’tadi. Hazm sistemasidan qonga o’tgan hamma moddalar Jigarga kelib, qisman murakkab moddalar tuzilishiga sarf bo’ladi, qisman esa parchalanadi. Masalan, qon bilan kelgan amino kislotalardan qon oqsillari (albuminlar, globulinlar va boshqa;ar) hosil bo’ladi, bir qancha moddalar (fruktoza, galaktoza, laktoza, gliserin) dan Jigarda glyukoza sintezlanadi, bundan esa glikogen vujudga keladi. Glikogen Jigar hujayralarida zaxirada turadi va organizm ko’proq energiya sarflayotgan vaqtda glyukozaga aylanib, qonga o’tadi. Jigar pigmentlar almashinuvida qatnashadi; unda gemoglobin emiriladi va bilirubin hosil bo’lib, eriydigan holga keladi. Jigarda yog’simon moddalar (lipoidlar) ishlanib chiqadi va qon bilan boshqa a’zo, to’qimalarga borib, moddalar almashinuvida. qatnashadi. Jigarda xolesterin, protrombin va geparin ham sintezlanadi. Qon bilan Jigarga keladigan moddalardan ba’zilari organizmga zararli bo’lishi mumkin. Shu moddalarni zararsizlantirish, qisman esa o’t bilan chiqarib yuborish Jigarning vazifasidir. Masalan, qo’rg’oshin, mishyak va boshqa zaharli moddalar Jigarda ushlanib qoladi, so’ngra bezarar organik moddalar (ko’pincha oqsil moddalar) shaklida organizmdan chiqib ketadi. Organizmda oqsillar parchalanishidan hosil bo’ladigan ammiak, qisman siydik kislota ham Jigarda mochevinaga aylanib, organizmdan siydik bilan chiqib ketadi (mochevina esa kamroq zaharli va yaxshi eriydigan moddadir). Organizmda zararli moddalar ko’plab paydo bo’lganda (Masalan, hazm a’zolarining surunkali kasalligida, alkogolizmda) Jigar funktsiyalari buziladi, bu esa og’ir kasalliklarga olib keladi. Jigar kasalliklaridan o’tkir va surunkali yallig’lanish jarayonlari, shuningdek, parazitar kasalliklar uchraydi. Nosir Axmedov.