Jahon xo’jaligi
Jahon xo’jaligi — turli mamlakatlar milliy iqtisodiyotining bozor munosabatlari zamirida bir-birini taqozo etgani holda umumjahon yaxlitligini tashkil etishi; jahondagi o’zaro aloqador milliy xujaliklar va xalqaro iqtisodiy munosabatlar majmui. Jahon xo’jaligi bozor iqtisodiyoti rivojining maxsuli sifatida 19-asrning oxiri — 20-asr boshlarida shakllandi. Xalqaro mehnat taqsimoti turli mamlakatlar milliy xujaliklarini ixtisoslashishiga olib keladi, ya’ni muayyan mamlakatda u yoki bu soha ustuvor rivojlanadi. Ixtisoslashuv mamlakatda kanday tabiiy resurslarning borligiga va shu yerdagi ishlab chiqarish tajribasiga bog’liq. Ixtisoslashuv xarajatlarni kamaytirib, tovarlarni sifatli ishlab chiqarish imkonini berganidan xalqaro aloqalarni zaruratga aylantiradi. Jahon xo’jaligidagi iqtisodiy aloqalar har bir mamlakat milliy iqtisodiyotining mustaqilligi; mamlakatlar iqtisodiy munosabatlarining bozor qoidalari asosida olib borilishi; iqtisodiy aloqalar uning ishtirokchilar uchun zaruriy manfaatli bo’lishi; milliy xo’jaliklar manfaatlarining uyg’unligiga tayanib, ixtiyoriy ravishda va sharoit etilganda o’zaro integrasiyalashuvi tamoyillariga asoslanadi. Jahon xo’jaligi aloqalari ko’p qirrali bo’lib, savdo-sotiq, xalqaro valyuta-kredit munosabatlari, kapital chiqarish va uni kiritish, ochiq iqtisodiy zonalar tashkil etish, ish kuchi migratsiyasini uyushtirish, birgalikda ilmiy-texnikaviy loyihalarni moliyalashtirish, axborot almashish, sayyohlik sohasida hamkorlik qilish kabi shakllarga ega. Jahon xo’jaligida xalqaro tashkilotlar tenglikka asoslangan va o’zaro manfaatli iqtisodiy aloqalar va hamkorlik o’rnatishga xizmat qiladi. Jahon xo’jaligi aloqalari bevosita turli mamlakatlardagi firmalar, banklar va davlat idoralari o’rtasida, shuningdek, bevosita — xalqaro tashkilotlar ishtirokida amalga oshiriladi. Bular jumlasiga Jahon banki, xalqaro valyuta fondi, Osiyo rivojlanish banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti va boshqalar kiradi. Jahon xo’jaligini tashkil etuvchi milliy xo’jaliklar ikki yo’sinda guruhlashtiriladi: 1) rivojlanish yo’nalishlari bo’yicha mamlakatlar bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar, rivojlanayotgan mamlakatlar va bozor iqtisodiyoti tizimiga o’tish davrida yoki iqtisodiy transformatsiya bosqichidagi mamlakatlarga ajratiladi; 2) iqtisodiy rivojlanganlik darajasiga ko’ra mamlakatlar yalpi milliy mahsulot (YaMM) ko’rsatkichlari buyicha 3 ta asosiy guruhga bo’linadi: daromadi past (aholi jon boshiga yillik YaMM ko’rsatkichi 987 AQSh dollari), daromadi o’rtacha (5323,2 dollar) va daromadi yuqori (22921,3 dollar) bo’lgan mamlakatlar (1999). MDH mamlakatlari orasida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog’iston, O’zbekiston daromadi o’rtachadan pastroq bo’lgan mamlakatlar guruhini tashkil etadi. MDHning boshqa mamlakatlari daromadi past (eng kam taraqqiy etgan) mamlakatlar hisoblanadi. Jahon xo’jaligida sanoati rivojlangan 6 mamlakat: AQSh, Yaponiya, GFR, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Italiya yetakchi o’rinni egallaydi, 90-yillar o’rtalarida jahon sanoat ishlab chiqarishning 60%, tovarlar eksportining 63% va xizmatlar eksportining 47% shu mamlakatlar hissasiga to’g’ri kelgan. Jahon xo’jaligida kishilarning turmush darajasi iqtisodiyotga bog’liq holda jiddiy farqlanadi. Boy mamlakatlarda yuksak turmush darajasi mavjud bo’lgani holda qoloq mamlakatlarda kambag’allar aholining katta qismini tashkil etadi. 21-asrga kelib bu ikki guruh mamlakatlaridagi turmush darajasining farqi 12 martadan ziyodroq bo’ldi. Qoloq mamlakatlarda daromadning nisbatan ko’p qismi iste’molga sarflansa-da, daromadning kam bo’lishi xisobidan bu mamlakatlarda turmush darajasi pastligicha qoladi. Hozirgi davrda Jahon xo’jaligining rivojlanishi 3 yo’nalishda bormoqda: 1) Jahon xo’jaligiga kiruvchi mamlakatlar safi kengayib, uning tarkibiga 90-yillarda sobiq sosializm tizimidan ajralib chiqqan 25 ta yosh mamlakat xo’jaligi qo’shildi. Mustaqillik tufayli O’zbekiston ham Jahon xo’jaligiga kirib keldi, jahon iqtisodiyotining teng huquqli ishtirokchisiga aylandi, xalqaro tashkilotlarga a’zo bo’ldi, jahon savdosida ishtirok etib, 1996-2001 yillarda, uning tashqi savdo oboroti 63,3 milliard dollarni tashkil etdi; 2) Jahon xo’jaligida ishlab chiqarishning o’sishi yuz bermoqda. 1998 yil dunyoda yaratilgan jami tovar va xizmatlar qiymati 36,5 trillion dollar bo’lsa, 2001 yil kelib 40 trillion dollardan ziyod bo’ldi; 3) Jahon xo’jaligida iqtisodiy integratsiya (iqtisodiy ishtirokchilar faoliyatining birlashib ketishi) va globalizatsiya (jahoon iqtisodiyotining umumbashariy to’s olishi, milliy iqtisodiyotlarning har biri o’ning tarkibiy qismi bo’lib qolishi) yuz berib, sifat o’zgarishlari yuzaga kelmoqda. Jahon xo’jaligi har bir mamlakat milliy iqtisodiyoti va jahon iqtisodiyotining rivojlanish omili hisoblanadi. Jahon xo’jaligi doirasida o’zaro manfaatli hamkorlik aloqalari fan-texnika taraqqiyotini jadallashtiradi, ish kuchi sifatini oshiradi, eng yangi mahsulotlarni o’zlashtirish, resurslarni tejash, mehnat unumdorligini oshirishga yo’l ochadi. Ahmadjon O’lmasov.