Jahon pullari
Jahon pullari — umumiy universal to’lov vositasi sifatida tan olingan, xalqaro miqyosda hamma uchun xarid vositasi, boyliklarning umumiy o’lchov birligi, qiymatning xalqaro ifodasi bo’lgan pullar; jahon bozorida amal qiluvchi yuksak likvidli pullar. Jahon pullari milliy pullardan barcha mamlakatlarning xalqaro muomalasida ishlatilishi bilan farq qiladi. Jahon pullari qadimda xalqaro savdo paydo bo’lishi bilan vujudga kelgan. Dastlab Jahon pullari vazifasini boy, davlatlararo savdoda faol qatnashadigan mamlakatning oltin va kumush tangalari, keyinchalik oltin quymalar, yombilar bajargan (ular tangalarga nisbatan katta vaznga ega bo’lib, savdo aylanmasi katta bo’lgan, bir yo’la ko’p pul talab qilinadigan muomalada qo’llanilgan). 20-asrning 1-choragidan oltin pullar muomaladan chiqarilib, ular o’rnini bir pul birligiga to’g’ri keladigan sof oltin miqdori (g) bilan ta’minlangan qog’oz pullar egalladi. Shu paytdan boshlab, iqtisodiyoti kuchli mamlakatlarning barqaror deb tan olingan qog’oz pullari Jahon pullari vazifasini o’tay boshladi (2-jahon urushidan so’ng Jahon pullari vazifasini AQSh dollari o’z zimmasiga oldi). 20-asrning 70-yillariga kelib ko’pgina mamlakatlarda qog’oz pul birliklarining oltin ta’minoti bekor qilindi. Lekin shunga qaramay qog’oz Jahon pullari doirasi kengaydi va ular qatoriga erkin almashtiriladigan ingliz funt sterlingi, Germaniya markasi, Yaponiya ienasi, Shveytsariya franki qo’shildi. Keyingi yillarda bu milliy pullar ichida raqobat kuchayib, dunyo miqyosida AQSh dollari va Yaponiya ienasining mavqei ko’tarildi, natijada jahon bozori asosan ikki zona — AQSh dollari va Yaponiya ienasi zonalariga ajraldi. 1999 yil 1 yanvarda Yevropa Ittifoqining 11 mamlakati uchun umumiy bo’lgan yangi pul — yevro davlatlararo hisob-kitoblarda muomalaga kiritildi (2002 yil 1 yanvardan E. banknotlari va tangalari muomalaga chiqarildi). Bundan ko’zlangan maqsad Yevropada AQSh dollarining tazyiqiga qarshi kurashish, uning hukmronligiga barham berishdir. Jahon pullari sifatida yevro AQSh dollarining jiddiy raqobatchisi (1 AQSh dollari =1,13 yevro; 2002, Fevral). Xalqaro iqtisodiy integratsiya kuchayishi bilan Jahon pullarining turlari qisqarib, uning vazifasini ozchilik valyuta bajaradi. Ahmadjon O’lmasov.